Humans ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy pul yechib olindi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga ulangan kartalardan ommaviy ravishda pul yechib olinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirdi. 

Qayd etilishicha, “Humans companies” AJ va “Octagram” AJ tashkilotlari o‘rtasida joriy yilning 10 aprelida 32-sonli shartnoma imzolangan bo‘lib, unga muvofiq, Humans agent sifatida o‘z mijozlariga to‘lov xizmatlarini (to‘lov va P2P pul o‘tkazmalari) yetkazib berishni boshlagan.

Kecha, 8 dekabr kuni soat 08:30 atrofida Markaziy bankka fuqarolar tomonidan Humans ilovasi orqali mablag‘lar yechib olingani haqida murojaatlar tushgan. Ushbu holat yuzasidan Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida “ Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) bilan bog‘lanib, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash va ehtimoliy zaifliklarni bartaraf etish maqsadida P2P amaliyotlarini to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

9 dekabr holatiga ko‘ra, Humans mobil ilovasi orqali “Octagram” AJ (Paylov – savdo belgisi) tomonidan olib borilayotgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

“Hurmatli fuqarolar, Uzcard va Humo kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lov va o‘tkazmalar odatiy tartibda ishlamoqda. Kartalardan boshqa bank va to‘lov tashkilotlari ilovalarida foydalanish imkoniyati ham saqlanib qolgan”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan tezkor tekshiruv ishlari boshlangan bo‘lib, barcha shubhali tranzaksiyalar, texnik jarayonlar va platformalar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik to‘liq o‘rganilmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy axborot taqdim etiladi.

Fuqarolar yuqoridagi holat bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga belgilangan tartibda murojaat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi Humans kompaniyasining Singapurdagi ta’sischisi – Humans Mobile Ltd O‘zbekiston Markaziy banki va “O‘zbektelekom” xatti-harakatlari ortidan xalqaro arbitrajga shikoyat kiritgandi. Keyinroq esa Humans virtual operatori “O‘zbektelekom” AK mobil tarmog‘idan foydalanib, daromad topsa-da, uning xarajatlarini to‘lashni ortga surib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

karta Humans Octagram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing