Humans ishini IIBB o‘rganmoqda – Markaziy bank

3-sahifa

image

2025 yilning dekabr oyi boshlarida ijtimoiy tarmoqlarda Humans ilovasiga ulangan bank kartalaridan foydalanuvchilar ruxsatisiz pullar yechib olingani haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank Humans MCHJ kompaniyasi bilan bog‘liq holat yuzasidan ma’lumot taqdim etdi. 

Ma’lum qilinishicha, Humans MCHJ kompaniyasiga to‘lov xizmatlarini taqdim etgan “Octagram” AJ to‘lov tashkilotida Markaziy bankning tegishli farmoyishiga asosan ishchi guruh tuzilib, tekshiruv o‘tkazilgan. 

Tekshiruv natijalari bo‘yicha tuzilgan ma’lumotnoma belgilangan tartibda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga huquqiy baho berish va o‘z vakolati doirasida choralar ko‘rish uchun taqdim etilgan. 

Ayni paytda esa Humans kompaniyasi bilan bog‘liq holat Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda o‘rganilmoqda.

“Mazkur holat bo‘yicha fuqarolardan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishlari so‘raladi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 14 oktyabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi Octobank arizasiga binoan Humans kompaniyasini bankrot deb topgandi va uning faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatish jarayonini boshlagandi. 

Humans holat bo‘yicha izoh berib, pullar 4-8 dekabr kunlari firibgarlar tomonidan yechib olinganini bildirgan. Bunda kompaniyaning aybi yo‘qligi, balki muammo Paylov xizmatida texnik xatoga yo‘l qo‘yilgani ortidan kelib chiqqani qayd etilgan. Paylov esa mazkur munosabatga qarshi javob qaytargan. Ya’ni firibgarlik operatsiyalari aynan Humans tomonidan amalga oshirilganini iddao qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Humans Octagram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing