IIB xodimlari nogironligi bo‘lgan ayolni ayovsiz kaltakladi(mi?) (video)
Jamiyat
−
29 aprel 7194 3 daqiqa
Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki nafar mahalla inspektori bir ayolni tepib, kaltakladi. Bu haqda jabrlanuvchi ayolning otasi QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, jabrlanuvchi ayol 1995 yilda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli pedagog, oilali (shar’iy nikoh asosida) va bir nafar farzandi bor. Ayol turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan uyda – Mirzo Ulug‘bek tumani, TTZ 1 mahallasi, Buyuk Ipak yo‘li, 5 tor ko‘chasidagi xonadonda eri bilan birgalikda yashagan. Ayol va uning farzandi ushbu xonadonda yashash uchun rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan.
Jabrlanuvchi o‘tgan yili avgustda yurak sohasida jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Ayol kasal bo‘lgach, eri bilan o‘rtalarida tez-tez o‘zaro janjal chiqib turgan. Shunga qaramay, 2025 yil dekabr oyiga qadar ular birga yashagan. Oy boshida ayol davolanish uchun 10 kun muddatga shifoxonaga yotqizilgan. Shu vaqt ichida turmush o‘rtog‘i ayolini ogohlantirmay, yashab turgan uyini boshqa bir oilaga ijaraga berib yuborgan.
10 dekabr kuni ayol va uning singlisi yashash xonadoniga borganida, eshikning qulf-kaliti o‘zgartirilgan bo‘lgan. Shundan so‘ng, jabrlanuvchi ayol uchastka nozirlarini chaqirgan. Inspektorlar ayolga bu xonadonda boshqa oila ijara asosida yashayotganini aytib, unga ketishini buyurgan.
Murojaatchining aytishicha, ayolning borishga boshqa joyi bo‘lmagan. Shuningdek, u oilasini saqlab qolish maqsadida ushbu xonadonga kirishi kerakligini va uydan chiqmasligini bildirgan. Shundan so‘ng, yangi ijarachilar, ayol va IIB xodimlari o‘rtasida janjal kelib chiqqan.
Otaning qo‘shimcha qilishicha, IIB xodimlari ayolni mazkur uyga kiritmaslik uchun dahliz chirog‘ini ataylab o‘chirib, (tasvirda ko‘rinmaslik uchun) ayolning ojizligi va kasalligidan foydalanib, uni qorong‘ida urib, do‘pposlagan. Shundan so‘ng, ayol hushini yo‘qotgan.
Jabrlanuvchilar bir necha bor yuqori turuvchi organlarga murojaat qilgan. Videotasvirlar ashyoviy dalil sifatida tegishli organlarga taqdim etilgan. Biroq ayolning o‘zini ular “shantaj” qilganlikda ayblagan va mazkur ish yopib yuborilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Toshkent shahar IIBB rasmiy ma’lumot berdi. Unda 1995 yilda tug‘ilgan ayol nogiron emas deya keltirilgan. Chunki, janjal 12 dekabr kuni sodir bo‘lgan. Ayol II guruh nogironi ekanini tasdiqlovchi hujjat esa, 30 dekabr kuni berilgan.
Biroq, ayolga nogironlik bo‘yicha rasmiy hujjat avgust oyida uning yurak sohasida o‘tkazgan operatsiyasi sabab berilgan. Ya’ni, janjal vaqtida ham u xasta bo‘lgan.
Bundan tashqari, rasmiy izohga ko‘ra, voqea joyiga hududiy profilaktika inspektorlari kelib, yuzaga kelgan janjalni to‘xtatishga harakat qilgani bildirilgan. Biroq, tahririyat tomonidan taqdim etilgan videotasvirlardagi IIB xodimlarining jismoniy xatti-harakatlariga, xususan, nimani yoki kimni tepkilaganiga izoh berilmagan.
Live
Barchasi