IIV huzurida Qo‘riqlash departamenti qayta tashkil etildi
Jamiyat
−
29 noyabr 3967 2 daqiqa
Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti etib qayta tashkil etildi. Bu 28 noyabr kuni qabul qilingan “Ichki ishlar organlarining qo‘riqlash sohasidagi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, departament va uning bo‘linmalari zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklatiladi, jumladan:
- Shartnoma asosida davlat, o‘ta muhim, toifalangan va boshqa ob’ektlar, ta’lim muassasalari, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki, savdo, xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar va qurilish ob’ektlarini zamonaviy usullar orqali qo‘riqlash;
- qo‘riqlanayotgan ob’ektlarda ichki tartib va nazorat o‘tkazish rejimlarini ta’minlash;
- qo‘riqlash faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish.
2026 yil 1 yanvardan qo‘riqlovga olingan banklar, yirik ishlab chiqarish korxonalari, mahalliy hokimliklar va boshqa ob’ektlarning fuqarolar kirish va chiqish joylariga bosqichma-bosqich shaxsning yuzini tanib olish imkoniyatiga ega texnik vositalar o‘rnatiladi.
Shuningdek, departamentga qo‘riqlanadigan ob’ektlarga o‘rnatilgan qo‘riqlashning texnik vositalari va tizimlariga xizmat ko‘rsatish huquqi beriladi. Mahallalarda qo‘riqlash bo‘linmalariga yuklatilgan vazifalarni samarali tashkil etish maqsadida kriminogen vaziyat og‘ir hududlardagi mahalla huquq-tartibot maskanlari tuzilmasiga qo‘riqlash xizmati inspektori lavozimi kiritiladi.
Kriminogen vaziyati og‘ir hududlarda, turistik infratuzilma ob’ektlarida hamda ommaviy dam olish joylarida departamentning qo‘riqlash-patrul xizmati naryadlari tashkil etiladi.
Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Xavfsiz ta’lim” konsepsiyasi joriy etiladi:
- Davlat ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim tashkilotlari va xorijiy davlatlar ta’lim tashkilotlari filiallarining xavfsizligini shartnoma asosida jismoniy va texnik qo‘riqlash tizimlari orqali ta’minlash;
- Departament tomonidan shartnoma asosida ta’lim muassasalariga qo‘riqlash signalizatsiyalari, tashvish tugmalari, videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish va ularga texnik xizmatlar ko‘rsatish.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoyishi bilan polkovnik Qobil Odilovich Shodibekov Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qo‘riqlash departamenti boshlig‘i vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.
Live
Barchasi