Qamchibek Tashiyevning ukasi so‘roqqa chaqirildi
Olam
−
13 mart 8989 1 daqiqa
Bugun, 13 mart kuni Qirg‘iziston parlamenti deputati Shoirbek Tashiyev Ichki ishlar vazirligi tomonidan so‘roqqa chaqirildi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, parlament a’zosi hozirda Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligining Bosh tergov boshqarmasida bo‘lib turibdi. Biroq uning aynan qaysi jinoiy ish doirasida so‘roq qilinayotgani hozircha aniq emas.
Rasmiy organlar ushbu holat yuzasidan batafsil ma’lumot bermagan. Nashrning yozishicha, Shoirbek Tashiyevning Ichki ishlar vazirligiga chaqirilishi sabablari ochiqlanmagan.
Tashiyev Qirg‘iziston siyosatidagi taniqli shaxslardan biri bo‘lib, u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyevning ukasi hisoblanadi. Qamchibek Tashiyev esa mamlakat siyosiy hayotida muhim rol o‘ynagan siyosatchilardan biri sifatida tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Bishkek shahrida Jogorku Keneshning sobiq deputati Quvonchbek Kongantiyevni hibsga olgandi.