Ikkilamchi zarba: millionlab odam qashshoqlik va iqlim tahdidlaridan aziyat chekmoqda

Olam

image

Ekstremal qashshoqlikda yashayotgan odamlarning deyarli 80 foizi, ya’ni dunyo bo‘yicha 1,1 milliard aholining 887 millioni issiqlik to‘lqinlari, suv toshqinlari, qurg‘oqchilik yoki havoning ifloslanishi kabi og‘ir iqlim hodisalarining ta’siriga duch kelmoqda. Bu ma’lumotlar yangilangan Ko‘p o‘lchovli qashshoqlik global indeksi (MPI) hisobotida keltirilgan.

Ushbu hisobot BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) hamda Oksford universiteti qoshidagi Qashshoqlik va inson rivojlanishini o‘rganish tashabbusi tomonidan Braziliyada bo‘lib o‘tadigan Iqlim konferensiyasi arafasida e’lon qilindi. Unda aytilishicha, iqlim inqirozi qashshoqlik haqidagi tasavvurlarni tubdan o‘zgartirmoqda.

Hisobotga ko‘ra, o‘ta qashshoqlikda yashayotgan 651 million kishi birdaniga ikki yoki undan ortiq iqlim bilan bog‘liq xavfga duch kelmoqda, 309 million kishi esa uch yoki to‘rtta xavf bilan bir vaqtda to‘qnash kelmoqda.

“Qashshoqlik endilikda faqat ijtimoiy-iqtisodiy muammo emas. Aksincha, u tobora kuchayib borayotgan iqlim inqirozi oqibatlari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan”, deydi UNDP’ning vaqtincha ma’muri Xaolyan Syuy.

Bildirilishicha, o‘rta daromadli mamlakatlar qashshoqlikning yashirin markaziga aylangan. Ularda dunyodagi barcha qashshoq aholining deyarli uchdan ikki qismi yashaydi. Aynan shu davlatlarda qashshoqlik va iqlim inqirozi eng yaqin darajada o‘zaro bog‘langan.

Tadqiqotga ko‘ra, qashshoqlik darajasi eng yuqori bo‘lgan mamlakatlar eng kuchli iqlim ta’sirlarini boshdan kechirmoqda. Ular asr oxiriga borib yanada yuqori harorat o‘sishiga duch keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti bugungi kunda butun dunyoda qariyb 733 million kishi ochlikdan aziyat chekayotgani haqida xabar bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni bir milliarddan ortiq porsiya yaroqli oziq-ovqat tashlab yuborilmoqda. Bu miqdordagi ovqat esa ochlikdan aziyat chekayotgan barcha odamlarni kuniga kamida bir marta to‘ydirishga yetadi.


Maqola muallifi

Teglar

iqlim qashshoqlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing