Ilk bor o‘zbekistonliklarning ish tashlash huquqi kafolatlanmoqda
Jamiyat
−
08 aprel 6701 2 daqiqa
O‘zbekistonda ish tashlash huquqi kafolatlanmoqda, ish beruvchi va mehnat organlarini xabardor qilish tartib-taomillari va boshqa huquq hamda majburiyatlar belgilanmoqda. Kecha, 7 aprel kuni Senatning navbatdagi yalpi majlisida shu haqdagi “Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ma’qullandi.
Qayd etilishicha, muhokama qilingan qonun milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalariga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq Senat tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Qonun Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik protsessual, Mehnat kodekslariga hamda “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.
Ish tashlash bu – xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ish beruvchi bilan jamoaviy mehnat nizosini hal etish usuli sifatida mehnat majburiyatlarini vaqtincha, ixtiyoriy va birgalikda to‘liq yoki qisman bajarishdan tiyilish ekanligi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, ish tashlash huquqi kafolatlanmoqda, ish beruvchi va mehnat organlarini xabardor qilish tartib-taomillari belgilanmoqda.
Shuningdek:
- ish tashlashga rahbarlik qilish kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakolatli vakili tomonidan amalga oshirilishi, uning ushbu jarayondagi huquq va majburiyatlari nazarda tutilmoqda;
- e’lon qilingan ish tashlashning boshlash vaqtini kechiktirish yoki ish tashlashni to‘xtatib turish, shuningdek, ish tashlashni noqonuniy deb topish asoslari va tartibi belgilanmoqda;
- ish tashlashga oid cheklovlar doirasi ochib berilmoqda, shu jumladan milliy inqiroz, favqulodda holat yoki favqulodda vaziyatlar paytida ish tashlash taqiqlanishi, ish tashlash o‘tkazilishi mumkin bo‘lmagan tashkilotlar va ish tashlashda ishtirok etishi cheklangan xodimlar doirasi ko‘rsatilmoqda;
- fuqarolarning hayoti, sog‘ligi va shaxsiy xavfsizligi uchun faoliyati hayotiy muhim bo‘lmagan, biroq aholining kundalik hayotini ta’minlashda muhim o‘rin tutadigan tashkilotlarda ish tashlash o‘tkazilayotganda minimal zarur ishlar (xizmatlar) joriy etilishi belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, senatorlar ushbu qonunning hayotga tatbiq etilishi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishga, ish tashlash jarayonini qonuniy asosda tartibga solgan holda jamoat xavfsizligi va ijtimoiy tartibni ta’minlashga, O‘zbekistonning inson huquqlariga rioya qiluvchi davlat sifatidagi imijini mustahkamlashga, xalqaro tashkilotlar doirasidagi nufuzini oshirishga xizmat qilishini, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun keng yo‘l ochib berishini ta’kidlagan.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.
Live
Barchasi