Imomo‘g‘liga 20 yilgacha qamoq jazosi so‘raldi
Olam
−
14:29 1560 2 daqiqa
Turkiyada Istanbul shahrining sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘liga nisbatan “siyosiy yoki harbiy josuslik” ayblovi sud tomonidan qabul qilindi. Mazkur ayblov bilan unga 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi so‘raldi. Bu haqda GZT nashri xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, ushbu ish bo‘ycha ayblov joriy yilning 4 fevral kuni tayyorlangan va sudga yuborilgan. Birinchi sud majlisi esa joriy yil 11 may kuni Silivri shahrida bo‘lib o‘tadi.
Nima uchun yangi ayblov ochildi?
Prokuratura “Istanbul seniki” (“Istanbul Senin”) ilovasidan foydalangan millionlab odamlarning ma’lumotlari xorijiy davlatlarga o‘tkazilgan va Dark-wyeb orqali sotilganini iddao qilmoqda. Shuningdek, prokuratura Ekrem Imomo‘g‘lining Isroil va Kurdiston ishchi partiyasi (Turkiyada terroristik tashkilot) bilan aloqasi borligi da’vo qilingan Husayin Gun bilan aloqasi borligini ham bildirgan.
Ayblovga Ekrem Imomo‘g‘li bilan birga Husayin Gun, Najoti O‘zqon va Mardon Yanardag‘ ham shubhali sifatida kiritilgan. To‘rt shaxsga “siyosiy yoki harbiy josuslik” aybi bilan 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi so‘ralgan.
Hibs davom etadi
Sud hay’ati jinoyatga oid kuchli gumonlarni tasdiqlovchi aniq dalillar mavjudligini qayd etgan. Shuningdek, surishtiruv ishlari va dalil yig‘ish jarayonining hali yakunlanmaganini va shaxslarning himoya bayonotlari olinmaganligi sababli Imomo‘g‘li va boshqa uch nafar shaxsning hibs holati davom ettirilishini ma’lum qilgan. Sud qarorida ish hajmi va ayblovning xususiyati hisobga olinib, hozirgi ehtiyot chorasini saqlab qolish zarur ekanligi ta’kidlangan.
Xabarga ko‘ra, dastlabki sud majlisi joriy yil 11 may kuni soat 10:00 da Silivri shahridagi Marmara Jazoni ijro etish muassasasidagi sud zalida bo‘lib o‘tadi. Sud jarayonining xavfsiz o‘tishi uchun Bakirko‘y Respublika Bosh prokuraturasi va Silivri tuman jandarma qo‘mitasiga rasmiy xatlar jo‘natiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Istanbul Bosh prokuraturasi shaharning sobiq meri Ekrem Imomo‘g‘liga qarshi ayblov xulosasini e’lon qilgandi va siyosatchiga korrupsiya ayblovlari bo‘yicha 2352 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosini so‘ragandi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi