Importyorlar muammoni dangal aytdi!

Biznes

Aniq muammolar, kerakli tahlillar, asosli tortishuvlar, tayin rejalar va ochiq tanqidlar bir nuqtada jam bo‘ldi. Joriy yil, 21 yanvar kuni Toshkentda mahalliy tadbirkorlar va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalar rahbarlari o‘rtasida biznes-diplomatik uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Savdo-sanoat palatasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ochiq muloqotda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev hamda manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Bu galgi yig‘ilishda asosiy urg‘u import borasidagi masalalarga qaratildi. Gap har qanday davlatning iqtisodiy o‘sishida muhim ro‘l o‘ynaydigan tadbirkorlarni qiynayotgan to‘siqlar haqida ketgani uchun uchrashuv avvalidayoq tashkilotchilar muammolarni ochiq-oydin aytishni taklif qilishdi. Bu chaqiriqqa birinchilardan bo‘lib qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor “labbay” deya javob berdi. U, ayrim mamlakatlarda ba’zi mahsulotlar o‘zbekistonlik tadbirkorlarga boshqa davlat biznesmenlaridan ko‘ra qimmatroqqa sotilayotganini ma’lum qilib, elchixonadan yordam so‘radi.

“Belarussiyada qurutilgan sut mahsulotlari bizga 4,9 dollarga, boshqa davlatlarda esa 4,3 dollarga sotiladi. Yana kakaoni Yevropa davlatlaridan olamiz. Ya’ni ikkinchi qo‘ldan. Vaholangki, kakao Afrika davlatlarida ishlab chiqariladi. Ular bilan aloqa o‘rnatilsa hammaga yaxshi bo‘lar edi”, deydi tadbirkor.

Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev juda to‘g‘ri masalalar ko‘tarilganini aytib, nomi aytilgan davlatlarda elchilik qilayotgan diplomatlarga yechim borasida murojaat qildi. O‘z o‘rnida diplomatlar ham bajarishilishi kerak bo‘lgan ishlarni belgilab olishdi.

2025 yilda O‘zbekistonga muzqaymoq importi 15 mln dollar qiymatida bo‘lgan. Eksport esa atiga 1,5 mln dollarlik. Garchi ishlab chiqarish hamda ichki bozorni ta’minlash salohiyati yetarli darajada va chet eldan sotib olinayotgan tovarlar sifati bilan bir xil bo‘lsada. Bu masalaga Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov alohida e’tibor qaratdi.

“O‘zimizda ham juda sifatli muzqaymoq ishlab chiqara oladigan salohiyat bor! Bir tadbirkorimiz 8 mln dollarga barcha qurilmalarni sotib olib, o‘rnatdi. Endi ularga elchilarimizdan yordam kerak. Yevropa va Amerikadagi yirik brendlar bilan aloqa o‘rnatib, tadbirkorni ularga “bog‘lab qo‘yish” kerak. Investori ham bor. Pul tikamiz deyapti”, dedi Davron Vahobov.

Uchrashuv davomida importyor va eksportyorlarni qiynayotgan boshqa turli muammolar ham ko‘tarildi. Ochiq muloqot formatidagi tadbir savol-javoblar bilan davom etdi. Muammolarning ayrimlari joyida tegishli idoralarga yuklatildi. Yechimi biroz vaqt oladiganlari esa alohida belgilab olindi.

Ochiq muloqot o‘tkazilishi faqat foyda keltirishini aytib o‘tirish shart emas. Shu sabab bu kabi uchrashuvlarni doim yuzlashib emas, barchaga qulay bo‘lgan onlayn tarzda tashkil etish uchun maxsus platfomra ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Eksport muammo Jamshid Xo'jaev Davron Vahobov Importyorlar Ochiq muloqot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing