Uzoqdagi inqirozning yaqindagi aks-sadosi
Tahlil
−
28 aprel 1860 10 daqiqa
Hormuz atrofida sodir bo‘layotgan voqealar haqida ko‘p va xo‘p gaplashdik. Ammo aynan shu torgina suv yo‘lagining O‘zbekistonga qay darajada ta’sir qilishini tushunish nihoyatta muhimdir. Negaki, global bozorning muhim o‘yinchilaridan biriga aylanib borayotgan O‘zbekiston ham bugun xalqaro iqtisodning har bir tebranishini o‘zida his etmoqda.
Garchi O‘zbekiston beqarorlik markaziga aylanib qolgan suv yo‘li bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tutash bo‘lmasa-da, Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan savdo aylanmasi ahamiyatli hisoblanadi. Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Saudiya Arabistoni kabi davlatlar O‘zbekistonning eng yaqin savdo hamkorlaridan hisoblanadi. Ko‘rfaz davlatlaridan Toshkent uchun yonilg‘i, o‘g‘it, sanoat xomashyosi va oziq-ovqat mahsulotlari import qilinadi. Eksportda esa rangli metallar, to‘qimachilik mahsulotlari, meva va sabzavotlar asosiy o‘rinni egallaydi. Tovarlarning asosiy qismi o‘z navabtida Hormuz orqali Eronning Bandar-Abbos portiga va undan so‘ng, temir yo‘l orqali O‘zbekistonga olib kelinardi. Bugungi murakkab vaziyatda esa, ushbu logistika yo‘lagining barqarorligi jiddiy xavf ostida qolmoqda. Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik transport xarajatlarining oshishiga, sug‘urta stavkalarining ko‘tarilishiga va yetkazib berish muddatlarining uzayishiga olib kelmoqda. Bu esa, ichki bozorga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
Yonilg‘i narxlari
Dunyo xaritasiga nazar tashlasangiz, O‘zbekiston va Hormuz bo‘g‘ozi o‘rtasida minglab kilometrlik masofa, baland tog‘lar va keng sahrolar borligini ko‘rasiz. Biroq, iqtisodiyot haqida gap ketganda masofalar shunchaki nisbiy tushunchaga aylanib qoladi. Fors ko‘rfazining torgina bir nuqtasida sodir bo‘layotgan geosiyosiy “zilzila” bugun O‘zbekistonning yonilg‘i quyish shoxobchalarida, bozor rastalarida va shu bilan birga har bir fuqaroning hamyonida ham aks-sado bermoqda.
Shu yilning fevral oxirida boshlangan mojarolar butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham yonilg‘i narxlariga ta’sir qilmoqda. Garchi mamlakat ichida neft va gaz konlari mavjud bo‘lsa-da, 38 million iste’molchi hazilakam miqdor emas.
“O‘zbekneftgaz” AJ vakili Nuriddin Muxtarovning ta’kidlashicha, Buxoro neftni qayta ishlash zavodida qayta ishlanadigan neftning 40% gacha bo‘lgan qismi import qilinadi. Bu esa, o‘z navbatida global energetika bozorida bo‘layotgan narx o‘sishlari O‘zbekistonga ham sezilarli ta’sir qilishini bildiradi. Xalqaro maydondagi taranglik fonida Brent markali neft narxi 70 dollardan 130 dollargacha, ya’ni salkam 80 foizga o‘sgan bir vaziyatda O‘zbekistonda yonilg‘i narxlari nisbatan barqarordek. Bu borada “O‘zbekneftgaz” AJ vakili quyidagicha izoh berdi:
“Yevropa va G‘arb mamlakatlarida benzin va dizel yonilg‘isi narxi 80% gacha yoki ikki baravar oshdi. Taqqoslash uchun, Buxoro neftni qayta ishlash zavodimizda ishlab chiqarilgan benzin atigi 1,4% ga, dizel yonilg‘isi esa 17,5% ga oshdi”, dedi u.
Keng miqyosda oltin savdosi va yetarli yonilg‘i zaxiralari yaratilgani O‘zbekistonda benzin va dizelning narxini sun’iy ravishda stabil ushlab turishga yordam bermoqda.
“Mamlakat bo‘ylab neft bazalarimiz benzin bilan to‘liq ta’minlangan — taxminan 130 ming tonna AI-92, AI-95 va boshqa navlar. Davlat zaxiralari ham mavjud, ammo ular oshkor qilinmagan”, dedi qayta ishlash bo‘yicha boshqaruv raisi o‘rinbosari Abrorjon Xudoyberganov.
Abrorjon Xudoyberganovning qo‘shimcha qilishicha, hukumat global bozorlarning o‘sishi fonida ichki narxlarning o‘sishini jilovlash choralarini ko‘rmoqda. Uning ma’lum qilishicha, mavjud zaxiralar yetarli va tanqislik xavfi yo‘q. yonilg‘i ta’minotini diversifikatsiya qilish amalga oshirilayotganini qo‘shimcha qilib, mamlakatda tabiiy gaz, suyultirilgan gaz, benzin va dizel yonilg‘isi kabi bir qancha alternativalar mavjudligini aytib o‘tdi.
Ammo bu vaziyat to‘laqonli yaxshi va narxlar oshmayapti degani emas. Tovar-xom ashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 martdan 20 aprelgacha AI-92 benzinining narxi 4,8 foizga o‘sib, bir tonna uchun 12,05 million so‘mdan 12,6 million so‘mgacha yetdi. Dizel yonilg‘isi narxi naviga qarab bir tonna uchun 11,5 million so‘mdan 16,4 million so‘mgacha o‘zgarib turgan.
Bojxona qo‘mitasining 2026 yilning birinchi choragi bo‘yicha e’lon qilgan raqamlari vaziyatning naqadar dolzarbligini ko‘rsatmoqda. Yanvar-mart oylarida neft va neft mahsulotlari importi o‘tgan yilga nisbatan 42,2 foizga oshib, 449,1 million dollarga yetgan. Bundan tashqari, benzin importi miqdor jihatdan ham 2 baravarga ko‘payganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston faqatgina benzin importi uchun qisqa muddatda 246,2 million dollar sarflagan. Dizel yonilg‘isi importi hajmi ham 38% ga oshib, 125 500 tonnani, qiymati esa 33% ga oshib, 98 million dollarni tashkil etmoqda.
Ekspertlarning prognozlari esa, yanada hushyorlikka chorlaydi. Hormuz bo‘g‘ozi yopiq qoladigan har bir qo‘shimcha oy jahon bozorida neft narxini yana 10-15 dollarga qimmatlatishi kutilmoqda. Bu esa, O‘zbekiston uchun ham sinovli kunlar davom etishini anglatadi.
Eng e’tiborli jihati shundaki, yonilg‘i narxining oshishi zanjirli reaksiya kabi barcha sohalarga yopiriladi. Logistika xarajatlarining ortishi non narxidan tortib, qurilish materiallarigacha bo‘lgan barcha mahsulotlar tannarxini yuqorilashiga olib keladi.
Xalqaro savdo
O‘zbekistonning Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharqdagi urushning asosiy qatnashchisi Eron bilan savdo aloqalari bir qarashda ikkilamchi bo‘lib ko‘rinishi mumkin, biroq chuqurroq tahlil qilinsa, bu mintaqaning mamlakat iqtisodiy tizimida muhim o‘rin egallayotganini ko‘rish mumkin.
Ko‘rfaz mamlakatlari orasida O‘zbekiston uchun eng yirik hamkor — Birlashgan Arab Amirliklari hisoblanadi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi $1,25 milliardga yetib, BAA O‘zbekistonning top-10 savdo hamkorlari qatoridan joy oldi. Bu hamkorlikning o‘ziga xos jihati shundaki, u nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga, balki global savdo tizimiga integratsiya qilinishiga ham xizmat qiladi. O‘zbekiston eksport qilayotgan oltinning muhim qismi aynan Dubay orqali jahon bozoriga chiqadi. Bundan tashqari, meva-sabzavot, tekstil, mis va kimyoviy mahsulotlar eksporti ham o‘zaro savdoda muhim hisoblanadi. Shu bilan birga, BAA O‘zbekistonga elektronika, texnika va qayta eksport mahsulotlarini yetkazib beradi. Bu esa, ichki bozorda iste’mol va investitsiya talabini qondirishda muhim rol o‘ynaydi.
Saudiya Arabistoni bilan savdo hajmi nisbatan kichikroq bo‘lsa-da, muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston bu davlatga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, tekstil va kimyo sanoati mahsulotlarini eksport qiladi. Importda esa, neft-kimyo mahsulotlari va plastmassa xom ashyosi ustun. Bu bog‘liqlik ayniqsa energetika narxlari o‘zgaruvchan bo‘lgan davrda sezilarli ahamiyat kasb etmoqda.
Eron bilan iqtisodiy aloqalar ko‘proq tranzit va logistika nuqtai nazaridan strategikdir. 2024 yilda O‘zbekistonning Eronga eksporti $121 millionni tashkil etgan bo‘lib, uning 70 foizga yaqini paxta ipiga to‘g‘ri kelgan. Ammo asosiy e’tibor — transport yo‘laklarida. O‘zbekistonning Turkiya va Yevropa bozorlariga chiqishida Eron hududi muhim tranzit yo‘l hisoblanadi. Shu sababli bu yo‘nalishdagi har qanday uzilish nafaqat savdoni, balki logistika xarajatlarini ham oshiradi.
Qatar va Quvayt bilan savdo hajmi kichik bo‘lsa-da, ular bilvosita ta’sir mexanizmlari orqali muhimdir. Masalan, Qatar global suyultirilgan tabiiy gaz bozoridagi o‘rni orqali energiya narxlariga ta’sir qiladi, Quvayt esa, neft-kimyo sektori orqali. Bundan tashqari, Qatar investitsiyalari O‘zbekiston iqtisodiyotining ayrim tarmoqlarida muhim rol o‘ynay boshlagan.
Umuman olganda, O‘zbekiston eksportining asosiy qismini oltin ($7.48 mlrd), qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ($2.17 mlrd), tekstil ($1.99 mlrd) va sanoat xom ashyolari tashkil etadi. Importda esa, mashina va transport vositalari (34.6%), sanoat tovarlari va kimyoviy mahsulotlar ustun turadi. Energiya importi ham muhim komponent bo‘lib, 2025 yilda neft va neft mahsulotlari importi $2 milliardga yaqinlashgan.
Yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik ushbu murakkab tizimga bir necha yo‘nalishda ta’sir qilmoqda. Birinchidan, Eron orqali o‘tuvchi transport yo‘llarining xavfsizligi pasaymoqda. Ayniqsa, dengiz orqali tashiladigan yuklar uchun sug‘urta va logistika xarajatlari oshmoqda. Ikkinchidan, energiya narxlarining o‘sishi import xarajatlarini ko‘paytirmoqda. Bu esa, ichki bozorda yonilg‘i narxining oshishiga va natijada umumiy inflyatsiyaning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Uchinchidan, global savdo zanjirlaridagi uzilishlar eksport imkoniyatlarini cheklashi mumkin. Masalan, yetkazishdagi kechikishlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining aynib qolishiga olib keladi. To‘rtinchidan, Fors ko‘rfazi davlatlarida ishlayotgan migrantlar daromadining qisqarishi ichki iqtisodiyotga pul oqimini kamaytiradi.
Migrantlar xavfsizligi va iqtisodiy barqarorlik
Yaqin Sharqdagi keskinlashayotgan vaziyatning eng sezgir ijtimoiy oqibatlaridan biri — mehnat migrantlari va ularning pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq risklardir. Bu, ayniqsa, Fors ko‘rfazi davlatlarida ishlayotgan o‘zbekistonliklar uchun dolzarb masalaga aylanmoqda. National Public Radio (NPR) agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada 24 milliondan ortiq xorijiy ishchi faoliyat yuritadi. Masalan, BAA aholisi tarkibida xorijliklar ulushi 90 foizdan oshadi va ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning orasida 10 mingdan ortiq o‘zbekistonlik muxojirlar ham bor.
Geosiyosiy keskinlik kuchaygan sharoitda aynan shu qatlam eng zaif bo‘lib chiqadi. Turizm, aviatsiya va xizmat ko‘rsatish sohalari — migrantlar eng ko‘p band bo‘lgan sektorlar — birinchi zarbani qabul qiladi. Iqtisodchi Rajiv Bisvasning “DW” agentligiga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, agar mojaro bir necha oy davom etsa, aynan shu sohalarda ish o‘rinlari qisqarishi mumkin. Bu esa, o‘zbekistonlik migrantlar daromadiga ham bevosita zarba beradi.
Hozircha pul o‘tkazmalari keskin kamaygani kuzatilmayapti. Biroq tendensiya xavotirli. O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun xorijdan pul o‘tkazmalari muhim manbalardan biri bo‘lib, so‘nggi yillarda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, ularning hajmi yalpi ichki mahsulotning 12–15 foizigacha yetgan. Agar Fors ko‘rfazidagi vaziyat yomonlashib, migrantlar daromadi qisqarsa, bu oqim ham sekinlashadi.
Bundan tashqari, xavfsizlik omili ham muhim. “Human Rights Watch” ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqadagi to‘qnashuvlar natijasida kamida 11 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 260 dan ortiq kishi jarohat olgan. Ular orasida migrant ishchilar ham bor. Bu holat nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy-psixologik bosimni ham kuchaytiradi. Ishchilar o‘z xavfsizligi uchun xavotirda bo‘ladi, bu esa ularning ish unumdorligiga va qolish qaroriga ta’sir qilishi mumkin.
Agar vaziyat cho‘zilsa, bir tomondan, xorijdan pul oqimi kamaya boshlaydi, ikkinchi tomondan esa, migrantlarning qaytishi ichki mehnat bozoriga bosimni oshiradi. Bu esa, ishsizlik darajasining ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.
Shunday qilib, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy beqarorlik O‘zbekiston uchun faqat energetika yoki savdo masalasi emas. Bu — millionlab oilalarning daromadi, ijtimoiy barqarorlik va ichki iqtisodiy muvozanat bilan bevosita bog‘liq kompleks masaladir.
Xalqaro tahlillar nima demoqda?
Global energetika bozoridagi beqarorlik fonida xalqaro moliyaviy institutlarning baholari O‘zbekiston uchun vaziyatning ikki tomonlama xarakterga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Bir tomondan, neft narxlarining oshishi importga qaram davlatlar fiskal barqarorligiga bosim o‘tkazsa, ikkinchi tomondan, mamlakatning o‘ziga xos iqtisodiy strukturasiga oid omillar bu zarbani qisman yumshatmoqda.
Xalqaro Valyuta Fondining (XVF) 2026 yil aprel oyidagi mintaqaviy iqtisodiy hisobotida qayd etilishicha, neft import qiluvchi davlatlarda birlamchi fiskal balanslarning yomonlashuvi kuzatilishi kutilmoqda. Buning asosiy sababi — energiya importiga ketadigan xarajatlarning oshishi va davlat subsidiyalarining kengayishidir. Ammo hisobotda O‘zbekiston alohida qayd etilgan bo‘lib, mamlakat iqtisodiy o‘sish sur’atlarining yuqoriligi va oltin narxlarining global bozorda ko‘tarilishi davlat daromadlarini qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillar sifatida tilga olinadi.
Darhaqiqat, O‘zbekistonning eksport tarkibidagi oltinning salmog‘i yuqori bo‘lib, uning narxi oshishi davlat byudjetini qo‘shimcha tushumlar bilan ta’minlamoqda. Bu esa, energiya importi xarajatlari ortgan sharoitda muvozanatni saqlashga yordam beryapti. Shunday bo‘lsa-da, bu omil uzoq muddatli barqarorlikni to‘liq kafolatlaydimi degan savol hanuz o‘z aktualligini yo‘qotgani yo‘q. Chunki, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, xususan, sanoat va transport sektori yonilg‘i narxlariga bevosita bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
BMT Savdo va tarqaqqiyot konferensiyasining (UNCTAD) ogohlantirishicha, ko‘plab rivojlanayotgan davlatlarning fiskal imkoniyatlari cheklangan. Energiya, transport va oziq-ovqat narxlarining bir vaqtda oshishi davlat byudjetiga qo‘shimcha bosim yuklaydi. Bu bosim, o‘z navbatida, ijtimoiy xarajatlarni qisqartirish yoki yangi qarz olish zaruratini keltirib chiqarishi mumkin.
O‘zbekiston bu vaziyatdan to‘liq mustasno emas. So‘nggi yillarda iqtisodiy islohotlar fonida davlat qarzi oshgan bo‘lsa-da, u hali ham nazorat qilinadigan darajada. Ammo import qilinadigan yonilg‘i va oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi milliy valyuta kursiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, global savdo sur’atlarining sekinlashuvi ham muhim xavf omili sifatida ko‘rilmoqda. UNCTAD ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yildagi 4,7 foizlik o‘sishdan so‘ng 2026 yilda global savdo hajmi atigi 1,5–2,5 foizga o‘sishi kutilmoqda. Bu eksportga yo‘naltirilgan yoki tashqi bozorlarga tayanadigan iqtisodiyotlar uchun salbiy signal hisoblanadi. O‘zbekiston uchun bu, ayniqsa, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va metall eksporti segmentlarida talabning sekinlashuvi orqali namoyon bo‘lishi mumkin.
Shunday qilib, xalqaro institutlar baholari O‘zbekiston iqtisodiyotining nisbatan barqarorligini tan olgan holda, mavjud xavflarni ham aniq ko‘rsatib bermoqda. Qisqa muddatda oltin eksporti va iqtisodiy o‘sish fiskal bosimni yumshatishi mumkin. Ammo, qazilma boyliklarga suyanish qachongacha davom etadi, bu hali mubham.
Xulosa shundan iboratki, har qancha uzoqda bo‘lmasin, AQSH-Isroil-Eron urishi O‘zbekiston uchun ham bir qancha muammolarni keltirib chiqarmoqda. Sababi, global bozorning teng huquqli qatnashchisi bo‘lish, “zarbalarni ham birga qabul qilish” deganidir. Ammo, kim qay darajada bardosh beradi, bu boshqa masala.
Live
BarchasiAQSHda odam itni tishlab oldi
28 aprel