Indoneziya osmonida mo‘jizaviy hodisa kuzatildi (video)

Olam

image

Joriy yilning 1 may kuni Indoneziyaning Bogor ma’muriy hududiga qarashli Jonggol shahri osmonida kamalaksimon bulut paydo bo‘ldi. Rasmiylar bu hodisa oddiy optik effekt ekanini va xavfli ob-havo belgisi emasligini ma’lum qildi. Bu haqda “The online citizen” xabar berdi.

Qayd etilishicha, G‘arbiy Yavaning Jonggol osmonida kuzatilgan kamalaksimon bulut aholi va haydovchilarning e’tiborini tortgan, ba’zilar bu hodisani tasvirga olish uchun to‘xtashga majbur bo‘lgan. Ushbu hodisani mahalliy fuqaro, 21 yoshli Ahmad Bayhaqi Pratama Jonggoldagi Jeprah yo‘li bo‘ylab ketayotganda payqab qolgan.

“Hali yomg‘ir yog‘magan edi, lekin o‘ng tomonda kamalakka o‘xshash nimadir ko‘rindi”, deydi u.

Xabarlarga ko‘ra, bir nechta haydovchilar harakat tezligini pasaytirgan, boshqalari esa yo‘l chetiga to‘xtab, o‘sha lahzani muhrlash uchun telefon kameralarini osmonga qaratgan. Oqibatda hududdagi yo‘l harakati vaqtincha izdan chiqqan.

Indoneziya Meteorologiya, iqlimshunoslik va geofizika agentligi (BMKG) ushbu hodisa atmosfera optikasi bilan bog‘liq bo‘lgan oddiy hodisa ekanini bildirgan.

“Videoda ko‘ringan hodisa atmosferada tez-tez uchraydigan holat bo‘lib, u atmosfera optikasi bilan bog‘liq”, deydi BMKG jamoat meteorologiyasi direktori vazifasini bajaruvchi Ida Pramuvardani.

Uning tushuntirishicha, kamalaksimon ranglar quyosh nurining havodagi suv tomchilari, jumladan, yomg‘irdan keyin qolgan zarralar bilan o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga kelgan.

“Kamalak ranglari quyosh nurining havodagi qoldiq yomg‘ir yoki videoda ko‘ringanidek, Sentul hududining boshqa qismlarida yog‘ayotgan yomg‘ir tomchilari bilan ta’sirlashishi natijasida paydo bo‘ladi”, deydi u.

BMKG qo‘shimcha qilishicha, o‘sha vaqtda baland to‘p-to‘p bulutlar ham ko‘ringan va ular kamalakning bir qismini to‘sib qo‘ygani sababli “kamalak buluti”ga o‘xshab ko‘ringan. Agentlik bu hodisa yaqinlashib kelayotgan bo‘ron belgisi emasligini alohida ta’kidlagan.

“Bu hodisa yaqinlashayotgan bo‘ronning bevosita belgisi emas, balki konvektiv bulutlarning o‘sishi va kuzatuv nuqtasida ob-havo ochiq bo‘lsa-da, atrofdagi hududlarda mahalliy yomg‘ir yog‘ishi ehtimolini anglatadi”, deydi Pramuvardani.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahri aholisi noyob tabiat hodisasiga guvoh bo‘lgandi. O‘shanda qalin bulutlar tezlik bilan yopirilib kelib, shahar osmonini qoplab olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya Bogor Jonggol mo'jizaviy hodisa kamalaksimon bulut

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing