“Inter” Milan derbisida yutqazdi
Sport
−
24 noyabr 974 2 daqiqa
Kecha, 23 noyabr kuni Italiya A Seriyasining 12-turida “Milan” va “Inter” o‘rtasida derbi bo‘lib o‘tdi. Unda Massimiliano Allegri shogirdlari o‘z hamshaharlarini 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuv oldidan jamoalarni turnir jadvalida atigi ikki ochko ajratib turgan edi. “Inter” birinchi bo‘limda bosimni oshirdi, ammo Mayk Menyan bir nechta xavfli zarbalarni qaytarib, jamoasini goldan saqlab qoldi. Tanaffus arafasida Lautaro Martinesning “imkoniyati” ham darvoza ustidan o‘tib ketdi. “Milan” esa Pulishichning uzoqdan yo‘llagan zarbasi bilan golga yaqinlashdi.
Ikkinchi bo‘lim boshida, 54-daqiqada Yann Zommer Salemakers zarbasini qaytarar ekan, to‘p Pulishich yo‘liga tushdi va amerikalik futbolchi gol urdi. So‘nggi daqiqalarda Hakan Chalxano‘g‘li penaltidan foydalana olmadi. Menyan zarbani qaytarib, g‘alabani ta’minladi.
Natijada “Milan” mag‘lubiyatsiz seriyasini 11 ta o‘yinga (7 g‘alaba, 4 durang) yetkazdi va turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Inter” esa uch o‘yinlik g‘alabali seriyadan so‘ng alamli mag‘lubiyatga uchradi va jadvalda to‘rtinchi pog‘onaga tushdi.
Ma’lumot uchun, A Seriyada “Roma” 27 ochko bilan yetakchilik qilmoqda. “Milan” 25 ochko bilan 2, “Napoli” esa 25 ochko to‘plagan holda 3 pog‘onani band etgan.
Live
Barchasi