Iordaniyada harbiy xizmatga majburiy chaqirish qayta boshlanadi
Olam
−
18 noyabr 1718 2 daqiqa
Iordaniya podshohligi mamlakatda majburiy harbiy xizmat bekor qilinganidan 34 yil o‘tib, erkaklarni majburiy xizmatga chaqirishni boshlaydi. Bu haqda “Al Arabiya” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat shahzodasi Husayn bin Abdulloh II 1991 yilda bekor qilingan harbiy xizmatning qayta tiklanishini e’lon qilgan.
Hukumat qonun loyihasini parlamentga ko‘rib chiqish uchun yuborgan. Quyi palatada qonun loyihasi ko‘plab deputatlarning ovozi bilan ma’qullangan. Bundan so‘ng, qonun loyihasi Senatga, so‘ng podshoh tasdig‘iga yuborilishi reja qilingan.
Sessiyada mamlakat Bosh vaziri Jafar Hasan ishtirok etib, qonun loyihasi 2026 yilning fevral oyidan boshlab kuchga kirishini aytgan va bu qoidalar kelajakda hukumatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini ta’kidlagan.
Iordaniya Aloqa vaziri Muhammad al-Momaniy chaqiruv dasturi kelasi yilning fevraligacha 18 yoshga to‘ladigan 6000 nafar erkakni harbiy xizmatga yollashga qaratilganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, harbiy xizmatga kelmaganlar uch oydan bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilinadi.
“Iordaniya 1991 yilda, Isroil bilan tinchlik shartnomasini imzolashdan uch yil oldin harbiy xizmatga chaqirishni tugatgan edi. Endi yana hukumat har yili 10 000 kishini harbiy xizmatga chaqirishni maqsad qilgan”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Muhammad al-Momaniy harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risidagi qonun Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning joriy yilning avgust oyida aytgan “Buyuk Isroil” g‘oyasi fonida e’lon qilinganini rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Daniya fuqarosi bo‘lgan ayollar harbiy ro‘yxatda turishi va zarurat tug‘ilganda muddatli harbiy xizmatni o‘tashi shart bo‘lgan tartib kuchga kirgan edi.
Bunyod Keldiboyev