iPhone foydalanuvchilariga 95 dollargacha kompensatsiya to‘lanishi mumkin
Olam
−
07 may 3650 1 daqiqa
Apple kompaniyasi Siri’ning sun’iy intellekt funksiyalari haqidagi reklama bilan bog‘liq sud ishi doirasida 250 million dollarlik kelishuvga rozi bo‘ldi. Shu sababli ayrim iPhone foydalanuvchilari 95 dollargacha kompensatsiya olishi mumkin. Bu haqda Apple o‘z bayonotida ma’lum qildi.
Da’voda kompaniya iPhone 16 taqdimoti vaqtida “Apple Intelligence” nomi ostida Siri uchun yangi suniy intellekt funksiyalarini va’da qilgani, ammo bu imkoniyatlar haligacha to‘liq ishga tushirilmagani aytilgan. Sud hujjatlariga ko‘ra, da’vo AQSHning Kaliforniya shtatidagi San-Fransisko federal sudiga kiritilgan. Arizada Apple xaridorlarni hali mavjud bo‘lmagan funksiyalar orqali chalg‘itgani ta’kidlangan.
Kelishuv AQSHda 2024 yil 10 iyundan 2025 yil 29 martgacha sotib olingan taxminan 37 million qurilmani qamrab oladi. Ular orasida barcha iPhone 16 modellari, shuningdek iPhone 15 Pro va iPhone 15 Pro Max ham bor.
Bayonotda aytilishicha, mos keluvchi qurilma egalari har bir telefon uchun kamida 25 dollar olishi mumkin. Da’volar soniga qarab to‘lov miqdori 95 dollargacha oshishi taxmin qilinmoqda.
Hozircha Apple’ning Siri uchun yangi SI funksiyalari ishlab chiqish bosqichida qolmoqda. Kompaniya ularni yil oxirigacha, ehtimol kelasi oyda bo‘lib o‘tadigan an’anaviy dasturchilar konferensiyasida taqdim etishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yil 1 sentyabrdan Apple kompaniyasining yangi bosh direktori o‘zgarishi haqida xabar berilgan edi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi