Iroqdan Liviyagacha: rejim almashtirish – AQSHning muvaffaqiyatli modelimi?
Olam
−
09 mart 1186 6 daqiqa
Eronga bir qator havo hujumlari uyushtirgan AQSH va Isroil birinchi kundanoq nimani ko‘zlayotganini aniq bildirib qo‘ydi: Tehron tomonidan ehtimoliy yadroviy yoki oddiy harbiy tahdidni bartaraf etish va rejimga barham berish.
Shundan beri AQSH Prezidenti Donald Tramp va boshqa yuqori martabali amerikalik amaldorlar AQSH va Isroilning Eronga qarshi aviahujumlari uchun turli sabablarni keltirishdi. Hatto Mudofaa vaziri Pit Xegset 2 mart kuni bu mojaro “rejimni almashtirish uchun olib borilayotgan urush emas”ligini ta’kidladi. Biroq AQSH tarixi hisobga olinsa, Trampning dastlabki bayonoti intervensiyaning haqiqiy maqsadlaridan birini ochib bergan bo‘lishi ham mumkin.
“Rejim almashtirish” deb ataladigan operatsiyalarda AQSHdan ko‘ra ko‘proq tajribaga ega davlat deyarli yo‘q. Bir tadqiqotga ko‘ra, faqat sovuq urush davrida (1947–1989) AQSH xorijdagi siyosiy kuchlar muvozanatini o‘z foydasiga o‘zgartirish uchun 72 marta urinish qilgan. Ularning aksariyati (64 ta holat) maxfiy razvedka operatsiyalari bo‘lib, muvaffaqiyat darajasi taxminan 40 foizni tashkil etgan.
1953 yilda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) Britaniyaning MI6 razvedkasi bilan birgalikda Eronning o‘sha paytdagi bosh vaziri Muhammad Musaddiqni hokimiyatdan ag‘darishga erishdi. Biroq buning natijasida shoh Muhammad Rizo Pahlaviy Eron xalqi nazarida “AQSHning qo‘g‘irchog‘i” sifatida qabul qilina boshladi va 1979 yildagi Islom inqilobi paytida ag‘darildi. Natijada tashkil topgan teokratik va tobora repressiv tus olayotgan rejim bugungi kunda AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlari nishonlaridan biriga aylangan.
Biroq tarix ko‘rsatganidek, hatto qisqa muddatda muvaffaqiyatli bo‘lgan rejim almashtirish operatsiyalari keyinchalik yangi va jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. DW bir necha shunday misollarni keltirdi.
Liviya (2011 yil): “Yagona himoyachi”
2011 yil bahorida “Arab bahori” deb atalgan harakat Shimoliy Afrika bo‘ylab o‘zgarishlarga umid uyg‘otgan bir paytda Liviyada ham ko‘p yillik rahbar Muammar Kaddafiyga qarshi qarshilik kuchaydi. O‘sha paytdagi AQSH prezidenti Barak Obama boshchiligida boshidanoq uning raqiblari – “O‘tish milliy kengashi”ni qo‘llab-quvvatladi.
AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniya avval mustaqil ravishda, keyinchalik NATOning “Yagona himoyachi” operatsiyasi doirasida hukumat qo‘shinlariga qarshi havo hujumlari uyushtirdi. 20 oktyabr kuni Amerika droni va fransuz qiruvchi samolyoti Qaddafiy kolonnasiga zarba berdi, shundan keyin u O‘tish kengashi jangchilari tomonidan o‘ldirildi.
Qariyb 15 yil o‘tganiga qaramay, Liviya hali ham siyosiy jihatdan bo‘lingan va beqaror mamlakat bo‘lib qolmoqda.
Iroq (2003 yil): “Shok va dahshat”
2003 yil 1 may kuni diktator Saddam Husayn ag‘darilganidan bir necha hafta o‘tib, AQSH prezidenti Jorj Bush kichik Iroq urushi tugaganini e’lon qildi. U avianosets USS Abraham Lincoln palubasida chiqish qilib, ortida “Missiya bajarildi” degan banner turdi.
Bush shunday degan edi:
“Diktaturadan demokratiyaga o‘tish vaqt talab qiladi, ammo bu barcha sa’y-harakatlarga arziydi. Koalitsiya ishimiz tugamaguncha qoladi. Keyin ketamiz va erkin Iroqni qoldiramiz.”

Biroq keyingi okkupatsiya tinchlik ham, barqarorlik ham keltirmadi. Davlat institutlari zaiflashdi, qo‘shni Eron shialar militsiyasini qo‘llab-quvvatladi va ular sunniy guruhlar bilan keskin to‘qnashuvlarga kirishdi. Hokimiyat bo‘shlig‘idan foydalangan “Islomiy davlat” (ISHID) terrorchilik guruhi kuchayib, Iroq, Suriya va butun mintaqani yanada beqarorlashtirdi.
Amerikalik tarixchi Jozef Stibning aytishicha, o‘sha paytda amerikaliklar liberal demokratiya qadriyatlari tabiiy ravishda ustun keladi, deb xato o‘ylashgan. Uning ta’kidlashicha, “ular Iroq kabi rejimlarni ag‘dargandan keyin ularni almashtirish oson bo‘ladi, deb hisoblashgan”.
Afg‘oniston (2001 yil): “Mustaxkam erkinlik”
Kichik Jorj Bush nomi bilan bog‘liq yana bir urush. 2001 yil 11 sentyabr terrorchilik hujumlaridan atigi to‘rt hafta o‘tib, AQSH armiyasi Afg‘onistonda “Mustaxkam erkinlik” operatsiyasini boshladi.
“Tolibon” rejimi tezda ag‘darildi, ammo AQSH qo‘llab-quvvatlagan yangi hukumat uzoq vaqt hokimiyatni saqlab qola olmadi.
2014 yilda xalqaro kuchlar, jumladan, Germaniya ishtirok etgan kontingentlar qisqartirilgandan keyin, tolibonlar asta-sekin pozitsiyalarini qayta egallay boshladi. Donald Tramp birinchi prezidentlik muddatining so‘nggi yilida toliblar bilan kelishuvga erishib, AQSH qo‘shinlarini olib chiqishga rozi bo‘ldi.
2021 yilda Jo Bayden prezidentligi davrida, so‘nggi amerikalik harbiylar mamlakatni tark etganidan so‘ng, toliblar yana to‘liq hokimiyatni qo‘lga oldi va AQSH bosqinidan oldingi siyosiy tizimni tikladi.
Panama (1989 yil): “Adolatli ish”
1980-yillarda Panamani diktator Manuel Norega boshqargan. Uning davrida mamlakat narkosavdo markaziga aylangan. Norega bir necha yil CIA’dan pul olgan, ammo keyinchalik AQSH hukumati uchun muammoga aylangan.

1989 yil dekabrida AQSH prezidenti Jorj Bush katta “Adolatli ish” operatsiyasini boshlab, Noregani hokimiyatdan chetlatishga buyruq berdi. Oppozitsiya siyosatchisi Gilermo Endara prezident etib tayinlandi. Ikki haftadan keyin Norega taslim bo‘ldi. Keyin u AQSH, Fransiya va Panamada qamoq jazolarini o‘tab, 2017 yilda vafot etdi. Operatsiya qiymati 331 million dollarga baholangan.
Grenada (1983 yil): “G‘azab chaqnashi”
1979 yildan boshlab Karib dengizidagi Grenada davlati siyosiy jihatdan Sovet Ittifoqiga yaqinlasha boshladi. Bosh vazir Moris Bishop AQSH bilan munosabatlarni normallashtirishga uringanida, radikal kommunistlar va harbiylar tomonidan ag‘darilib, o‘ldirildi.
Shundan keyin AQSH prezidenti Ronald Reygan bir necha Karib davlatlari qo‘llab-quvvatlovi bilan mamlakatga harbiy intervensiya boshladi. Bu qaror Britaniya hukumatining keskin qarshiligiga qaramay qabul qilingan edi.
Dominikan Respublikasi (1965 yil): “Qat’iy kuch”
1965 yilda bir qator davlat to‘ntarishlaridan keyin Dominikan Respublikasi fuqarolik urushi yoqasiga kelib qoldi. AQSH elchisi Uilyam Tepli Bennett kichik vaziyatni “jamoaviy aqldan ozish” deb atadi va Vashingtonga harbiy aralashuvni ko‘rib chiqishni tavsiya qildi.
AQSH prezidenti Lindon B. Jonson mamlakatda “ikkinchi Kuba” paydo bo‘lishining oldini olish maqsadida intervensiyaga buyruq berdi. 44 mingdan ortiq amerikalik harbiy ishtirokida AQSH o‘zlari maqbul deb bilgan rahbarni hokimiyatga olib keldi.
Venesuela (2026 yil): “Mutlaq qat’iyat”
Eng so‘nggi ehtimoliy “rejim almashtirish” yaqinda sodir bo‘lgani uchun uning yakuniy bahosi hali berilmagan. 2026 yil yanvar oyi boshida AQSH Prezidenti Tramp Venesuela rahbari Nikolas Maduroni qo‘lga oldirdi. U Nyu-Yorkda “narkoterrorizm” ayblovi bilan sud qilinishi kerak.
Venesuelada hokimiyat sobiq vitse-prezident Delsi Rodriges qo‘liga o‘tdi. U Maduro rejimida ishlagan bo‘lsa-da, Tramp u bilan hamkorlik qilish niyatini bildirdi. Evaziga AQSH mamlakatning ulkan neft zaxiralaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lishi mumkin.

Biroq 2025 yilgi Nobel tinchlik mukofoti sovrindori, muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machado ham Venesuelaga qaytib, mamlakatni demokratiya yo‘liga boshlash niyatida ekanini bildirdi.
AQSH harbiy operatsiyasidan ikki oy o‘tganiga qaramay, Lotin Amerikasidagi bu davlat qaysi yo‘nalishda rivojlanishi hali noaniqligicha qolmoqda.
Live
Barchasi