Iroq futbolchisi AQSH aeroportida 7 soat so‘roq qilindi
Sport
−
07 iyun 4858 2 daqiqa
Iroq terma jamoasi hujumchisi Ayman Husayn AQSHga kirib kelganidan so‘ng Chikagodagi O‘Xara aeroportida qariyb yetti soat davomida so‘roq qilingan. Bu haqda Iroq sport rasmiylariga tayanib, “Reuters” nashri xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, tekshiruvdan so‘ng futbolchiga AQSHga kirishga ruxsat berilgan. Biroq milliy terma jamoa fotografi Talal Salaxga mamlakatga kirish taqiqlangan.
Manbaga ko‘ra, AQSHga yetib kelgach, Ayman Husaynning mobil telefoni tekshirilgan. Xuddi shunday tekshiruv fotografga ham o‘tkazilgan, u esa migratsiya xizmatlari nazorati ostida o‘n soatdan ortiq ushlab turilgach, oxir-oqibat AQSHga kiritilmagan.
Hozircha Iroq futbol assotsiatsiyasi ham, Ayman Husaynning o‘zi ham voqeaga izoh bermagan. AQSHning Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati hamda Ichki xavfsizlik vazirligi jurnalistlar so‘roviga javob qaytarmagan.
Ayman Husayn Iroq terma jamoasining yetakchi futbolchilaridan biri hisoblanadi. Aynan uning goli jamoaga jahon chempionatiga yo‘llanma bergan. Bu Iroq uchun so‘nggi 40 yil ichidagi birinchi mundial bo‘ladi. Guruh bosqichida Iroq Fransiya, Senegal va Norvegiya terma jamoalariga qarshi o‘ynaydi. AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qilayotgan jahon chempionati kelasi haftada boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Futbol bo‘yicha Eron milliy terma jamoasi delegatsiyasining bir qismi, jumladan, murabbiylar shtabi a’zolari 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan AQSH vizalarini ololmagani haqida xabar berilgandi.
Live
BarchasiMetroda poverbank yonib ketdi
08 iyun