Ispaniyada tezyurar poyezdlar to‘qnashib ketdi. Ko‘plab qurbonlar bor (video)
Olam
−
19 yanvar 5764 3 daqiqa
Kecha, 18 yanvar kuni Ispaniyaning janubida tezyurar poyezdlardan biri relsdan chiqib, qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan boshqa bir poyezd bilan to‘qnashib ketdi. Zarba oqibatida ikkinchi poyezd ham relsdan chiqib, temiryo‘ldan pastga qulab tushgan. Politsiya manbalari kamida 21 kishi halok bo‘lganini tasdiqlagan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, halokat Kordoba viloyatidagi Adamus shahri yaqinida, Madriddan taxminan 360 kilometr janubda sodir bo‘lgan. Andalusiya mintaqaviy hukumati rahbari Xuanma Morenoning aytishicha, 75 kishi shifoxonaga yotqizilgan, ulardan 15 nafari og‘ir ahvolda. U qurbonlar soni yana oshishi mumkinligini istisno etmagan.
“To‘qnashuv juda kuchli bo‘lgan, yana qurbonlar topilishi mumkin. Vayron bo‘lgan vagonlarni ajratish uchun og‘ir texnikadan foydalaniladi”, degan Moreno.
“El Pais” gazetasi xabariga ko‘ra, Madriddan Uelvaga ketayotgan 27 yoshli poyezd mashinisti ham halok bo‘lgan. Ikki poyezdda jami taxminan 400 yo‘lovchi bo‘lgan. Ularning aksariyati dam olish kunidan so‘ng Madridga yoki undan qaytayotgan ispanlar edi. Yanvar oyida sayyohlik mavsumi bo‘lmagani sababli, poyezddagilarning necha nafari sayyoh bo‘lgani aniq emas.
“Jarohatlanganlar juda ko‘p. Hali ham titrayapman”, degan Madridga ketayotgan yo‘lovchilardan biri.
Ikkinchi poyezd yo‘lovchilaridan biri ham davlat telekanali TVE’ga intervyu bergan.
“Odamlar qichqirardi, sumkalar javonlardan qulab tushdi. Men to‘rtinchi vagonda edim, oxirgisida va shu bois omon qoldim”, degan u.
“El Pais” ma’lumotiga ko‘ra, “Renfe” kompaniyasiga tegishli ikkinchi poyezd to‘qnashuv paytida soatiga 200 km tezlikda harakatlanayotgan bo‘lgan. Birinchi poyezdning tezligi noma’lum.
Ispaniya transport vaziri Oskar Puentening aytishicha, halokat sababi hozircha aniqlanmagan. U to‘g‘ri temiryo‘l uchastkasida bunday hodisa yuz bergani “juda g‘alati” ekanini ta’kidlagan. Ushbu temiryo‘l qismi 2025 yil may oyida yangilangan.
Puentening aytishicha, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning aksariyati ikkinchi poyezdning dastlabki ikki vagonida bo‘lgan. Birinchi vagonda 37 kishi, ikkinchisida 16 kishi bo‘lgan. Malagadan Madridga ketayotgan “Iryo” poyezdida 300 dan ortiq, “Renfe”ga tegishli poyezdda esa 100 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan.
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches ham bugun, 19 yanvar kungi rejasini bekor qilib, fojia bilan shug‘ullanishini bildirgan. Qirol va qirolicha ham vaziyatni xavotir bilan kuzatayotgani aytilmoqda.
Mahalliy televideniye Adamusda yo‘lovchilar uchun vaqtinchalik markaz tashkil etilganini, mahalliy aholi oziq-ovqat va ko‘rpa-to‘shak olib kelganini ko‘rsatgan. Kechasi havo harorati 6 gradus atrofida bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda Madrid–Andalusiya yo‘nalishidagi barcha poyezd qatnovlari vaqtincha to‘xtatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 30 dekabr kuni Peruda sayyohlarni qadimgi inklar shahri Machu-Pikchuga olib ketayotgan ikki poyezdning qarama-qarshi yo‘nalishda to‘qnashuvi oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani va 30 dan ortiq odam jarohatlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi