Ispaniya va Portugaliyada yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi
Olam
−
12 fevral 3362 2 daqiqa
Ispaniya va Portugaliyada kuchli yomg‘ir hamda shamol sabab hududlarda yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilindi. Dovullar daraxtlarni qulatib, transport qatnovini izdan chiqargan, ayrim hududlarda maktablar yopilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Portugaliyaning Koimbra shahri yaqinida damba yorilishi oqibatida A1 avtomagistralining bir qismi qulab tushgan. Ispaniyaning Galisiya, Kantabriya va Bask hudida yil boshidan beri sakkizinchi bo‘ron — “Nils” kelishi ortidan eng yuqori qizil ogohlantirish joriy etilgan. Meteorologlar balandligi 9 metrgacha yetadigan to‘lqinlar haqida ogohlantirgan.
Kataloniyada tezligi 105 km/soatdan oshgan shamol daraxtlarni qulatib, avtomobil va temiryo‘l harakatini to‘xtatgan. Rasmiylar darslar va sport tadbirlarini bekor qilgan, zarur bo‘lmagan tibbiy xizmatlar cheklab qo‘yilgan. Aholiga uyda qolish va ortiqcha safarlardan tiyilish bo‘yicha favqulodda xabar yuborildi. Barselona aeroportida 100 dan ortiq reys bekor qilingan, biroq yaqin soatlarda parvozlar bosqichma-bosqich tiklanishi kutilmoqda.
Portugaliyada esa tropik namlikni olib keluvchi “atmosfera daryosi” hodisasi kuchli yog‘ingarchilikni yuzaga keltirgan, ayniqsa shimoliy hududlarda 3 mingga yaqin aholi evakuatsiya qilingan. Mamlakat meteorologiya xizmati Atlantikadan “Oriana” bo‘roni yaqinlashayotgani hamda bugun, 12 fevral kuni va ertaga, 13 fevral kuni mamlakat bo‘ylab kuchli yomg‘ir va shamol kuzatilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Portugaliya Ichki ishlar vaziri Mariya Lusiya Amaral Portugaliyani qamrab olgan dovuldan keyin mamlakatda yuzaga kelgan inqirozli vaziyat sababli jiddiy tanqidlarga uchragani va buning ortidan lavozimidan iste’foga chiqqani haqida xabar berilgan edi.
Musulmon Sodiq