Isroil “Hizbulloh”ga qarshi zarbalarni yanada kuchaytiradi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livandagi Hizbulloh harakatiga qarshi zarbalar yanada kuchaytirilishini ma’lum qildi. Bu qaror Hizbulloh tomonidan Livan janubi va Isroil shimolidagi nishonlarga dron hamda raketa hujumlari uyushtirilganidan keyin qabul qilindi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Isroil armiyasi Livanning sharqidagi Beka vodiysi hududida ham zarbalar bergan. Netanyaxu mamlakat “Hizbulloh” bilan urush holatida ekanini bildirib, “bosimni yanada oshirish” bo‘yicha topshiriq berganini aytgan.

Shu bilan birga, Livan va Isroil vakillari kelasi hafta Vashingtonda navbatdagi muzokaralarni o‘tkazishi kutilmoqda. Livan Prezidenti Jozef Aun esa Isroil qo‘shinlarini mamlakat janubidan to‘liq olib chiqishni talab qilgan.

Joriy yilning 16 aprel kuni tuzilgan sulhga qaramay, tomonlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, sulh imzolanganidan buyon 10 nafar isroillik harbiy halok bo‘lgan. Livan tomoni esa shu davr ichida Isroilning kuchli bombardimonlari oqibatida 400 dan ortiq odam, jumladan ko‘plab feldsher va qutqaruv xizmati xodimlari halok bo‘lganini bildirgan.

Bunga javoban Isroil Livan bo‘ylab havo hujumlarini boshladi va quruqlikdagi operatsiyani amalga oshirdi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil hujumlari oqibatida jami 3 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.

Shuningdek, Isroil Livan janubidagi yangi hududlar aholisi uchun deyarli har kuni evakuatsiya buyruqlarini bermoqda. Oqibatda bir milliondan ortiq odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Mojaro AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari fonida yanada keskinlashgan. “Hizbulloh” Eronning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil armiyasi Bayrutga uyushtirilgan havo hujumi oqibatida “Hizbulloh”ning elita bo‘linmasi hisoblangan “Radvan” kuchlari qo‘mondoni o‘ldirilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Isroil janubiy Livandagi hujumlarni davom ettirayotgan bo‘lsa, “Hizbulloh” bunga javoban Isroil askarlariga qarshi dron va raketalardan foydalanayotganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil zarba Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing