Isroil Al-Aqso masjidida juma namozini bekor qildi

Olam

image

Isroil rasmiylari Eron bilan davom etayotgan harbiy mojaro sabab Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida juma namozini bekor qildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, juma kuni Quddusning Eski shahridagi barcha muqaddas joylar – Al-Aqso masjidi, G‘arbiy devor va Muqaddas qabr cherkovi ibodat qiluvchilar hamda ziyoratchilar uchun yopiq bo‘ladi.

Fuqarolik ma’muriyati rahbari brigada generali Hisham Ibrohimning aytishicha, bu qaror Eron tomonidan Isroil va mintaqaga qarshi javob zarbalari berilishi ehtimoli sabab xavfsizlik nuqtai nazaridan qabul qilingan.

Isroil va AQSH avvalroq Eronga qarshi harbiy hujum boshlagan edi. Eronning javob raketa zarbalari oqibatida Isroilda 10 kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Isroil va AQSH hujumlari oqibatida esa kamida 1230 kishi qurbon bo‘lgani xabar qilingan.

Urush boshlanganidan beri Isroil hukumati Quddusning Eski shahriga kirishni ham keskin cheklagan. Hududga asosan faqat mahalliy aholi va do‘kon egalari kirishi mumkin.

Al-Aqso masjidining yuqori martabali imomi Shayx Ikrima Sabri esa bu qarorni tanqid qilib, Isroil Al-Aqso masjidini yopish uchun har qanday imkoniyatdan foydalanayotganini aytgan.

Al-Aqso majmuasi musulmonlar uchun Makka va Madinadan keyingi uchinchi muqaddas maskan hisoblanadi. Majmua Iordaniya tomonidan boshqariladi, biroq unga kirish hozirda Isroil xavfsizlik kuchlari nazoratida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil politsiyasi Al-Aqso masjidi imomini hibsga olgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Eron Al-Aqso Isroil Sharqiy Quddus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing