Isroil Livan janubidagi “Hizbulloh” ob’ektlariga zarba berdi

Olam

image

Kecha, 6 avgust kuni Isroil Livan janubida joylashgan “Hizbulloh”ga tegishli infratuzilma ob’ektlariga aviazarbalar berdi. Bu haqda Isroil armiyasi (SAXAL) xabar berdi.

“Isroil armiyasi “Hizbulloh”ning Livan janubidagi infratuzilmasiga zarba berdi. Nishonga olingan ob’ektlar orasida “Hizbulloh”ning qurol omborlari, raketa qurilmalari hamda ushbu hududda infratuzilmani tiklash imkonini beradigan muhandislik asbob-uskunalari saqlangan infratuzilma ob’ektlari bor”, deyiladi bayonotda.

Qayd etish joiz, Livan rasmiylari Isroilni mamlakat suverenitetini muntazam buzishda ayblab keladi. Ularning ta’kidlashicha, 2024 yil noyabrida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay, Isroil harbiylari Livan janubidagi beshta strategik nuqtada, jumladan, Gajjar qishlog‘ining shimoliy qismida hozircha mavjud bo‘lib turibdi. Bu esa Livan hukumati tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining 1701-sonli rezolyutsiyasini buzish va okkupatsiyani davom ettirish deb baholanmoqda.

Isroil armiyasi esa zarbalar faqat “Hizbulloh”ning harbiy infratuzilmasi va harakatning qurolli qanoti rahbariyatini yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilayotganini bildirmoqda.

Ma’lumot uchun, 2024 yil 27 noyabrda kuchga kirgan kelishuvda Livan armiyasining janubiy chegaraga BMT tinchlikparvarlari ko‘magida joylashtirilishi va “Hizbulloh” qurolli guruhlarining Litani daryosi ortiga chekinishi ko‘zda tutilgan edi. Bunga javoban, Isroil janubiy Livanda olib borayotgan quruqlikdagi operatsiyasini to‘xtatib, o‘z qo‘shinlarini 60 kun ichida mintaqadan olib chiqishi kerak edi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Livandagi “Hizbulloh” harakati rahbari Naim Qosim Isroil o‘z harakatlarini davom ettirsa, mamlakatga raketalar yog‘dirish bilan tahdid qilgandi. Unga ko‘ra, harakat Isroil bilan hech qanday yangi kelishuvlarga rozi bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing