Isroil Markaziy Osiyoga kirib keladi, Suriya qaytmoqda – Weekend

Tahlil

Isroil bilan aloqalarni juda yuqori darajaga olib chiqadigan “Ibrohim kelishuvlari” O‘zbekistonga yetib kelishiga bir qadam qoldi. Qozog‘iston bu hujjatni imzolashga tayyor.

Suriya ustidan tog‘ ag‘darilmoqda. Ahmad ash-Shara AQSH yordamida bir vaqtning o‘zida yillar davomida Suriyaga qo‘yilgan sanksiyalarni ham, o‘ziga qo‘yilgan terrorchi tamg‘asini ham olib tashlamoqda. 

Ozarbayjon NATOga yaqinlashdi. Baku o‘z armiyasini alyans standartlariga moslashtirmoqda. Bu NATOga qo‘shilish uchun qadammi yoki shunchaki undan holi tarzda qo‘shinni kuchaytirish – bunisi noma’lum.

Turkiya prokuraturasi G‘azoda son-sanoqsiz genotsid uyushtirgan Netanyaxu va yana 40 ga yaqin isroillik mulozimni hibsga olishga order berdi.
Ortda qolgan hafta davomida dunyoda ro‘y bergan muhim voqea hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ'ning Weekend dasturida tanishing.

Qozog‘iston Isroil bilan inoq bo‘lish arafasida

Isroil Markaziy Osiyoga kirib kelmoqda. 6 noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari uchun tarixiy ahamiyat kasb etgan AQSH bilan o‘tgan C5+1 sammiti oldidan Trampning maxsus elchisi Stiv Uitkoff bu tunda yana bir davlat “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shiladi deb aytdi, ammo o‘sha davlat nomini ochiqlamadi. Biroq o‘sha zahotiyoq bu Qozog‘iston ekanini ko‘pchilik angladi. Chunki bunga qator sabablar yetarlicha edi. Bu haqda esa biroz keyinroq, mavzu oxirida batafsil to‘xtalamiz. Shunday ekan, qisqa qilib aytganda, yahudiy davlatining mintaqa davlatlari bilan o‘zaro aloqalarni yuqori cho‘qqiga olib chiqishi Qozog‘iston orqali amalga oshirilishi mumkin. Bu C5+1 sammiti o‘tkazilgan payt Qosim Jo‘mart To‘qayev va Donald Tramp o‘rtasida kechgan uchrashuvda ayon bo‘ldi. 6 noyabr kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan Qozog‘iston va AQSH Prezidentlarining o‘zaro uchrashuvi aks etgan tasvirlarda To‘qayev va Trampning o‘rtasida telefon turganiga guvoh bo‘ldik. Buning sababi nima ekani esa o‘sha zahotiyoq ma’lum qilindi. Mazkur uchrashuvda To‘qayev va Netanyaxu Donald Tramp huzurida telefonda suhbatlashgani ma’lum bo‘ldi. Suhbatning asosiy mavzusi esa Qozog‘istonning “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilish masalasi bo‘lgan.

To‘qayevning ta’kidlashicha, Qozog‘istonning bu qarori hech bir davlat bilan ikki tomonlama munosabatlarga ta’sir qilmaydi va aksincha ko‘p tomonlama diplomatiyaning tabiiy davomi sifatida izohlanadi. Tramp esa Qozog‘iston rahbarining “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilish qarorini yuqori baholab, bu qadam boshqa davlatlarni ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga rag‘batlantiradi, deb ta’kidladi. U buni MO rahbarlari bilan umumiy uchrashuvda ham alohida ta’kidlab o‘tdi. 

Ko‘pchilik “Ibrohim kelishuvlari” asosan Isroilni davlat sifatida tan olish uchun maxsus platforma deb hisoblaydi. Shu bois Qozog‘iston allaqachon Isroil bilan to‘liq diplomatik va iqtisodiy aloqalarga egaligi va uning bu kelishuvga qo‘shilishi shunchaki ramziy ahamiyatga ega, degan qarashlar mavjud. Lekin “Ibrohim kelishuvlari” faqat Isroilni tan olishnigina emas, balki u bilan eng yuqori darajadagi aloqalarni o‘rnatishga asos bo‘lishini mazkur hujjatning mazmun mohiyatiga ko‘z yugirtiganda anglash mumkin.

Xo‘sh, “Ibrohim kelishuvlari” o‘zi nima? “Ibrohim kelishuvlari” – bu Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish, uni tan olgan holda u bilan yuqori darajadagi diplomatik aloqalarni o‘rnatishni nazarda tutuvchi hujjatdir. Mazkur bitimning nomi musulmonlar va yahudiylar uchun umumiy ajdod bo‘lgan Ibrohim payg‘ambar sharafiga shunday ataladi. Bu kelishuv Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida ishlab chiqilgan va unga mazkur yirik siyosiy hujjatni jonajon kuyovi, AQSH siyosiy doiralarini yahudiy lobbistlari izmiga bo‘ysundirishda eng katta rollardan birini o‘ynaydigan ultraisroilparast tadbirkor, Ivankaning eri Jared Kushner hamda Trampning birinchi mandatidagi sobiq davlat kotibi Mayk Pompeo va o‘sha paytdagi AQSHning Isroildagi elchisi Devid Fridman kabi shaxslar ishlab chiqqan. Mazkur kelishuv platformasi paydo bo‘gunga qadar Isroilni arab davlatlari orasida faqat ikki davlat – Iordaniya va Misr tan olgandi. Yaqin Sharqda Tel-Avivni tan olish darajasi juda past va bu Isroil uchun chinakam tarixiy muammo edi. 2020 yilda Tramp ma’muriyati ilk bor “Ibrohim kelishuvlari” orqali BAA va Bahraynni, keyinchalik Marokashni Isroilni tan oldirishga erishdi.

Ammo “Ibrohim kelishuvlari” faqatgina tan olishni emas, balki Isroil bilan yaxshi aloqalarni yo‘lga qo‘yishni ham anglatadi. Chunki Isroil va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida o‘zaro aloqalar normallashgandan keyingi ilk yildayoq ular o‘rtasidagi savdo aylanmasi yarim milliard dollardan oshgan. Birlashgan Arab Amirliklariga isroillik sayyohlar oqib kelishi ikki o‘rtadagi bog‘lamlarni mustahkamlagan. Aynan shu nuqtada “Ibrohim kelishuvlari” faqat Isroilni tan olishdan ancha kattaroq narsa ekanini anglash mumkin. Bu kelishuv yaqin iqtisodiy hamkorlik va savdo aloqalarini o‘rnatish, madaniy-ma’rifiy almashinuvlar, xavfsizlik sohasida hamkorlik, texnologik sohadagi tajribalar almashinuvi va turizm hamda odamlar o‘rtasidagi aloqalar, jumladan ta’lim sohasidagi hamkorlik kabilarni ham qamrab oladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va qayta tiklanadigan energiya kabi sohalardagi hamkorlik, sun’iy intellekt va sog‘liqni saqlash sohalari ham shular qatorida. 

Bundan tashqari, “Ibrohim kelishuvlari” atrof-muhit muammolari, xususan, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi kabi masalalar doirasida ham hamkorlik qilish imkoniyatini taqdim etishi aytiladi. Texnologiya esa “Ibrohim kelishuvlari” bo‘yicha aloqalarni chuqurlashtirish uchun kuchli katalizator bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, xalqaro maydonda va Isroil-AQSH juftligi tomonidan ilgari surilayotgan kengaytirish harakatlarida boshqa mintaqalarni ham mazkur kelishuvga jalb qilish qaysidir ma’noda faqat manaviy yutuq emas, balki real natija sifatida ko‘riladi. Buni C5+1 doirasida AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham ta’kidlab o‘tdi. Aynan shuning uchun ham arab davlatlaridan keyingi nishon turkiy davlatlar bo‘lishi ehtimoli yuqori edi. Bu borada harakatlar amalga oshirilayotgani haqida esa bir necha oylardan buyon juda ko‘p xabarlar chiqdi. Dastlab, Tramp bu kelishuvga Suriya va Saudiyani qo‘shishni reja qilgandi. Ammo Isroilning G‘azodagi qatliomlaridan keyin biror bir arab davlati “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishga rozilik berishi amri mahol bo‘lgani bois keyingi nishon sifatida turkiy davlatlar ko‘zlandi. 

Tramp ikkinchi bor hokimiyat tepasiga kelganidan ko‘p o‘tmay, Oq uyga yig‘ilgan bir to‘da yahudiy ravvinlar undan turkiy davlatlar, xususan, Ozarbayjon va MO mamlakatlarini “Ibrohim kelishuvi”ga qo‘shishni so‘rab, murojaat qilgani haqida xabarlar chiqdi. Dastlab, buni Ozarbayjon boshlab berishi mumkin degan qarashlar keng tarqaldi. Chunki Baku va Tel-Aviv shundoq ham juda yaqin aloqalarga ega edi. Ammo keyinchalik bu rallida Qozog‘iston ancha ilgarilab ketdi. Joriy yildagi BMTning yubiley 80-sessiyasida so‘zga chiqqan Qosim Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston Yaqin Sharqda mintaqaviy yarashuvga qaratilgan diplomatik tashabbuslarni, jumladan, Arab tinchlik tashabbusi, Nyu-York deklaratsiyasi, Ibrohim kelishuvlari va boshqalarni tan olishini bildirib, bunga ancha oldin ishora qilgandi. Mana, oradan ko‘p o‘tmay, To‘qayev Qozog‘istonning bu kelishuvga kirishini rasman tasdiqladi.

Shundan so‘ng, “Reuters” agentligi “Ibrohim kelishuvlari”ga Qozog‘istondan keyin qo‘shilishi mumkin bo‘lgan davlatlar sifatida Ozarbayjon va O‘zbekiston nomlarini keltirdi. Esingizda bo‘lsa, o‘tgan oylar mobaynida xorij OAVda “Ibrohim kelishuvlari” haqida xabarlar ancha ko‘paygan paytda QALAMPIR.UZ  O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘lanib, mazkur idoraga “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilish haqida biror bir so‘rov kelib tushmaganmi qabilida savol bilan yuzlangandi. Vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov esa o‘shanda bu masala bo‘yicha TIVga murojaat kelib tushmaganini ma’lum qilgan. Hozirda esa bu masala bo‘yicha holat qandayligi haqida tahririyatimizda ma’lum mavjud emas. 

Umuman olganda Qozog‘iston nega aynan bu paytda mazkur kelishuvga qo‘shilishining ba’zi sabablari ham bor. Ko‘p ehtimol To‘qayev Trampga Oq uyga tashrifi davomida qo‘lga ilinadigan sovg‘a berishni ko‘zlagan bo‘lsa ajab emas. Chunki investitsiya yoki o‘ziga tegishli siyosiy yutuqlarga ergashadiganlarni jonidan ortiq ko‘radigan AQSHning amaldagi Prezidentini o‘ziga og‘dirish uchun yo sarmoya yoki bo‘lmasa u barpo qilgan qandaydir loyihaga qo‘shilish lozim. AQSHga investitsiya yotqizish bobida O‘zbekistondan ikki barobar ortda qolgan Qozog‘iston buni “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilish orqali kompensatsiya qilishga uringan bo‘lishi mumkin. Yana kim bilsin.

Endi esa Suriya va Saudiya masalasiga ham to‘xtalsak. Qozog‘istonning “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishi bejiz emasdek tuyulmoqda. Chunki 10 noyabr kuni Suriya Prezidenti Ahmad ash-Shara, 18 noyabrda esa Saudiyaning defakto rahbari, “qora shahzoda” Muhammad bin Salmon AQSHga borishi kutilmoqda. Tramp esa ancha paytdan buyon Damashq va Ar-Riyod bu kelishuvga qo‘shilishi haqida katta ishonch bilan gapirib keladi. O‘z o‘rnida, AQSH rahbari buni tekinga amalga oshirmoqchi ham emas. U siyosiy va iqtisodiy ko‘maklar orqali ikki arab davlatini “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shmoqchi. Birinchi navbatda Tramp ortda qolgan kunlar davomida juda qisqa vaqt ichida Suriyaga qo‘yilgan butun dunyo miqyosidagi sanksiyalarni yechib tashlanishida asosiy yordamchi vazifasini o‘tadi. Uning ta’sirida BMT va boshqa G‘arb davlatlari Damashq va Ahmad ash-Sharaning o‘tmishi bilan bog‘liq holatda unga qo‘yilgan eski sanksiya va taqiqlarning katta qismini yechib tashladi. AQSHning o‘zi ham yil boshida uning boshi uchun tikilgan 10 million dollar mukofotni bekor qilib, joriy yil 7 noyabrda u va ayni damda Suriyaning ichki ishlar vaziri bo‘lib ishlayotgan eski safdoshi Anas Xattabni terrorchilar ro‘yxatidan butunlay chiqardi. 

Shuningdek, Tramp so‘nggi paytlarda G‘azodagi otashkesimdan so‘ng Saudiya Arabistoni ham “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishi mumkinligidan umidvorligini bildirgan. Chunki Ar-Riyodning aniq pozitsiyasi bor bo‘lib, saudlar G‘azodagi qatliom hamda mustaqil Falastin davlatchiligini barpo etish harakatlari ijobiy yakunlamasa, bu kelishuvga qo‘shilib, Isroilni tan ololmasligini aytib kelardi. Ammo 18 noyabr kuni barchasi birdan o‘zgarib, “qora shahzoda” Oq uydan “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishga rozilik bergan holda chiqib qolishi ham hech gap emas. U hali mustaqil va ozod Falastin davlati qurilmagan bo‘lsada, ayni damda hech bo‘lmaganda tinchlik kelishuvi imzolanganini vaj qilib, bu kelishuvga qo‘shilib ketishi mumkin. Chunki Tramp yaqinda CBS News'ga bergan intervyusida Saudiya Falastin borasidagi talabiga qaramay, “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishiga ishonchi komil ekanini aytdi. Bundan tashqari, u kutilayotgan tashrifda “qora shahzoda”ga yog‘li takliflar berishi taxmin qilinmoqda. Bu ishonchli deya aytilayotgan mudofaa kafolati, huddi bir necha oy oldin Qatarga taqdim qilingan himoya va’dasi singari. 

Shu tariqa Donald Tramp Suriya va Saudiya Arabistoniga ko‘rsatayotgan himmati evaziga ularning ikkisidan ham Oq uyda katta narsa talab qilishi aniq. Bu ko‘p ehtimol mazkur arab davlatlaridan “Ibrohim kelishuvlari”ga qo‘shilishni so‘rashdir. Tramp bu uchun allaqachon tayyorgarlikni boshlab yuborganini yuqorida qayd etilgan voqealar xronologiyasidan ko‘rish mumkin.

Suriya qaytmoqda

Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara mamlakati va o‘zi ustidan yillar davomida G‘arb tomonidan qo‘yilgan og‘ir toshlarni katta tezlik bilan qisqa vaqt ichida olib tashlamoqda. Uning o‘ziga nisbatan qo‘yilgan terrorchi tamg‘asi hamda Asad davrida Suriyaga qo‘yilgan misilsiz sanksiyalar keng miqyosda yechilishni boshladi. Bunda esa Suriya va ash-Sharaga eng katta qarshilik qilgan va ularni sanksiyalarga ko‘mishdagi eng asosiy davlat – AQSHning o‘zi tashabbuskor bo‘layotgani e’tiborni tortadi. Ortda qolgan haftada AQSH BMT Xavfsizlik Kengashidan Ahmad ash-Sharaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi. Bundan tashqari, Ash-Shara yaqin kunlarda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan Oq uyda uchrashishi rejalashtirilgan. Bu Suriya tarixida hali kuzatilmagan. Suriya Prezidenti sifatida qaysidir shaxsning Oq uyga qadam qo‘yishi shubhasiz tarixga kiradi. 

“Reuters” agentligi ma’lum qilishicha, AQSHning BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim qilgan loyihasiga ko‘ra, sanksiyalar hozirda Suriya ichki ishlar vaziri bo‘lib faoliyat yuritayotgan ash-Sharaning eski safdoshi Anas Xattabga qo‘yilgan sanksiyalarni ham bekor qilinishi nazarda tutilgan. 6 noyabr kuni esa ushbu rezolyutsiyaga ko‘ra, BMT Xavfsizlik kengashi ash-Shara va Xattabga nisbatan joriy etilgan, ISHID va “Al-Qoida” bilan bog‘liq xalqaro sanksiyalarni bekor qildi. AQSH tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiyani 15 a’zodan 14 nafari, jumladan Rossiya ham, qo‘llab-quvvatladi, Xitoy esa betaraf qoldi. Britaniya, Rossiya, Fransiya va Pokiston vakillari bu qarorni Suriya iqtisodiyotini tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi. Yangi suriyalik hokimiyat esa sanksiyalarni bekor qilishni mamlakatga nisbatan “ortayotgan ishonch” va xalqaro hamjamiyatga qayta integratsiya imkoni sifatida qabul qildi. O‘zi Vashington oxirgi oylarda 15 a’zoli Kengashni Suriyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni yumshatishga chaqirib kelayotgan edi.

BMT Xavfsizlik Kengashing ushbu qarori qabul qilinganidan bir kun o‘tgach, London ham ash-Shara va Xattabni terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi. Bu 7 noyabr kuniga to‘g‘ri keldi. Britaniya ham Suriyaga qo‘ygan sanksiyalarini joriy yil mart oyidan boshlab yechishni boshlagandi. O‘sha paytda Suriyaning 24 ta tashkiloti, jumladan Markaziy bank va boshqa qator banklar hamda neft kompaniyalaridan sanksiyalar olib tashlagan. Oktyabr oyida esa Birlashgan Qirollik “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhini ham terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarib tashlagandi. 7 noyabrda esa eng muhim sanksiyalar, ya’ni ushbu guruhning yetakchilari, hozirda esa rasmiy siyosiy shaxslarga aylangan ikki lider ash-Shara va Xattablar ham sanksiyalar kishanidan xalos etildi. 

Mazkur jarayonlar Suriya va uni bugun boshqarayotgan rahbarlarni Yevropaga yanada yaqinlashtirdi. Umuman olganda G‘arb AQSH ta’sirida Suriyaga qayta ochilmoqda. Xususan, Germaniya kansleri Fridrix Mers 3 noyabr kuni Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharani Germaniyaga taklif qilib, mamlakatda jinoyat sodir etgan suriyalik fuqarolarni deportatsiya qilish masalasini muhokama etishni rejalashtirganini ma’lum qildi. Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya, shu bilan birga, Suriyani barqarorlashtirishga ham yordam bermoqchi. U ash-Shara bilan “bu muammoni birgalikda qanday hal etish mumkinligi” haqida gaplashish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi. Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel 10 yil avval Suriyada fuqarolar urushi avj olganda qochqinlar uchun “ochiq eshiklar siyosati”ni amalga oshirgan. Buning natijasida Germaniyaga taxminan 1 million muhojir, asosan fuqarolik urushi fonida Suriyadan qochgan katta qochqinlar oqimi kirib kelgan.

Ma’lumot o‘rnida shuni eslatib o‘tish lozim, avval “Jabha an-Nusra” nomi bilan ma’lum bo‘lgan HTSH 2016 yilgacha “Al-Qoida”ning Suriyadagi bo‘linmasi edi, ammo keyin bu tashkilotdan ajralgan. 2014 yil mayidan buyon u BMT Xavfsizlik Kengashining “Al-Qoida va ISHID”ga oid sanksiyalar ro‘yxatida turibdi. HTSHning bir qator yetakchi shaxslariga – jumladan uning rahbari Ahmad ash-Shara va ichki ishlar vaziri Anas Xattabga – sayohat taqiqlari, mol-mulkni muzlatish va qurol-yarog‘ embargosi kabi sanksiyalar joriy etilgan. BMT Xavfsizlik Kengashining sanksiyalar qo‘mitasi esa bu yil Ash-Shara uchun sayohat imtiyozlarini berishni boshlagandi. Ash-Shara esa allaqachon xalqaro maydondagi o‘zining ikkinchi yirik yig‘ilishida qatnashib ulgurdi. BMTning yubiley 80-sessiyasi va yaqinda Braziliyida o‘tgan COP 30 iqlim forumi shular jumlasidandir. 

Uni qo‘llab-quvvatlash joriy yil may oyida Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi paytida Saudiyada ularning “qora shahzoda” vositachiligida uchrashganidan boshlandi. O‘shanda Tramp Suriyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishini ma’lum qilgan edi. Oradan 6 oy o‘tib, 7 noyabr kuni AQSH Davlat departamenti Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara va uning ichki ishlar vaziri Anas Hasan Xattabni terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi. AQSH Davlat departamenti o‘zining bu haqdagi bayonotida ta’kidlashicha, BMT Xavfsizlik kengashi AQSH tayyorlagan rezolyutsiyani qabul qilgan va bu “Suriyaning yangi bosqichga o‘tishi”ni tasdiqlovchi kuchli siyosiy signal bo‘lgan. Shundan so‘ng, 10 noyabr kuni ash-Shara Vashingtonga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirishi ham aniq bo‘ldi. Oq uyda u Donald Tramp bilan uchrashuvda AQSH rahbarligidagi ISHIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish haqidagi kelishuvni imzolaydi. Bu esa ash-Shara tomonidan tashlangan mutlaqo katta siyosiy qadam bo‘ladi. 

Ozarbayjon NATOga yaqinlashmoqda

Ozarbayjon NATO bilan hamkorlikni kengaytirmoqda. 6 noyabr sanasida bosqindan ozod qilingan hududlar sharafiga o‘tkaziladigan “Zafar kuni” munosabati bilan NATO tarkibidagi qator davlatlardan Ozarbayjonga delegatsiyalar tashrif buyurdi. Unda Turkiya, Gretsiya, Vengriya, Chernogoriya, Niderlandiya, Shimoliy Makedoniya, Norvegiya, Slovakiya, Sloveniya, Shvetsiya, Chexiya, Portugaliya va Ispaniyaning doimiy vakillari hamda AQSH va Fransiyaning elchixona o‘rinbosarlari ishtirok etdi. Ilhom Aliyev mamlakat armiyasi bundan buyog‘iga NATO standartlari bo‘yicha shakllantirilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu borada Turkiya bilan yaqin hamkorlik olib borilmoqda.

1992 yil mart oyida Ozarbayjon Shimoliy Atlantika hamkorlik kengashiga a’zo bo‘ldi. Bu forum NATO va alyansga a’zo bo‘lmagan Yevropa hamda Osiyo davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirish uchun tuzilgan edi. 1997 yilda uni Yevroatlantik hamkorlik kengashiga aylantirishdi. 1994 yil may oyida Ozarbayjon “Tinchlik uchun hamkorlik” ikki tomonlama dasturiga qo‘shildi. Bu dastur Sharqiy Yevropa va sobiq SSSR davlatlariga qaratilgan edi. Bundan ko‘zlangan maqsad –  keyinchalik shu hududlardagi sobiq sovet davlatlarini alyansga a’zo qilish bo‘lgan. Bugungacha mazkur mintaqalardan ko‘plab davlatlar NATOga a’zo bo‘lgan, ammo Baku bundan mustasno bo‘lib qoldi. 

2004 yilda esa hokimiyat tepasiga kelganiga endi 1 yil bo‘lgan Ilhom Aliyev NATO rahbarligiga Ozarbayjonning individual sheriklik harakat rejasini taqdim qilgan. Unda harbiy-texnik hamkorlikning tafsilotlari ko‘rsatilgan. 2002–2021 yillar oralig‘ida ozarbayjonlik tinchlikparvarlar NATOning “Qat’iy qo‘llab-quvvatlash” operatsiyasi doirasida Afg‘onistondagi harakatlarda ishtirok etgan. 2025 yil iyun oyida Ozarbayjon va alyans harbiy operatsiyalarni rejalashtirish bo‘yicha birgalikda mashq o‘tkazdi. Joriy yil iyul–avgust oylarida esa mamlakat armiyasi Gruziyada bo‘lib o‘tgan NATO Agile Spirit mashqlarida ham ishtirok etdi. Shu tariqa, Ozarbayjon o‘z armiyasini modernizatsiya qilish va NATO bilan hamkorlikni nafaqat harbiy, balki qo‘shma loyihalar va mintaqaviy xavfsizlik sohalarida ham davom ettirmoqda.

Turkiya Netanyaxuni hibsga olmoqchi

XJS dan keyin endi Turkiya ham Netanyaxuni hibsga olishga order berdi. Bir yil oldin chamasi shu paytlarda Xalqaro jinoyat sudi Netanyaxu va uning o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Yoav Gallantni hibsga olishga order bergandi. Ammo Turkiya XJS ning Rim statutini ratifikatsiya qilmagani bois bu protsesga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘shila olmasdi. Shu bois endi Turkiya Netanyaxuni individual tarzda o‘zi hibsga olishini e’lon qildi. Istanbul bosh prokuraturasi Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning “genotsid sodir etish”da ayblanishi bo‘yicha hibsga olish orderini chiqardi. 7 noyabr kuni kechqurun Turkiya prokuraturasi X ijtimoiy tarmog‘ida Netanyaxu bilan birga yana 36 nafar hukumatdagi siyosiy hamda harbiy arboblarga nisbatan hibsga olish orderi berilganini ma’lum qildi.

Ular orasida bugungi kunda Isroilning Mudofaa vaziri sifatida faoliyat olib borayotgan aqldan ozgan Isroil Kats, Milliy xavfsizlik vaziri va o‘ta o‘ngchi “Yahudiy kuch” partiyasi yetakchisi yana bir aqldan ozgan ekstremist vazir Itamar Ben-Gvir hamda Isroil armiyasi bosh shtabi rahbari Eyal Zamir kabi eng asosiy qonxo‘rlar mavjud. Turkiya prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, G‘azo sektorida Isroil tomonidan tizimli ravishda amalga oshirilayotgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar oqibatida minglab odamlar, jumladan, ayollar va bolalar halok bo‘lgani, minglab insonlar yaralangani va turarjoylar vayron qilingani uchun ularga nisbatan hibsga olish orderi berilgan. 

Odatda qaysidir davlat boshqa bir davlatdagi siyosiy shaxslarni hibsga olishga order berish uchun asosan u bilan urush holatida bo‘lishi yoki XJS orderini ijro etish majburiyatini olgan bo‘lishi lozim. Ammo Turkiya Isroil bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urush holatida bo‘lmasa ham yoki Rim statutini imzolamagan bo‘lsada, Netanyaxu va uning atrofidagi vazirlarni hibsga olish harakatini rasman boshladi. Qizig‘i shundaki, Anqaraning ro‘yxati o‘sha XJSning tor ro‘yxatidan ancha katta. Bu ham so‘nggi yillarda Turkiya va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotganidan dalolatdir. G‘azodagi tinchlik kelishuvida AQSH Turkiyani Isroil qarshiligiga qaramay, faol qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda bu jarayon qanchalik halaqit beradi buni hali noma’lum.

Isroil Markaziy Osiyoga kirib kelmoqda, Qozog‘iston Ibrohim kelishuviga qo‘shilishga rozi, Turkiya Netanyaxuni hibsga olmoqchi, AQSH Suriya va Ahmad ash-Sharani sanksiya kishanlaridan xalos qilmoqda, Ozarbayjon armiyasini NATO shakliga o‘tkazmoqchi – Weekend


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Germaniya AQSh NATO Rossiya Qozog'iston Frantsiya Suriya IShID Turkiya Donal'd Tramp Ozarbayjon Ilhom Aliev BMT BAA Baku SSSR Britaniya Markaziy Osiyo Isroil Oq uy Muhammad bin Salmon C5+1 G'azo Bin'yamin Netan'yaxu Saudiya Arabiston BMT Xavfsizlik Kengashi XJS Rim statuti Qosim Jo'mart To'qaev Marko Rubio HTSh Ahmad ash-Shara Stiv Uitkoff “Ibrohim kelishuvlari” Fridrix Merts 3 COP 30 “Tinchlik uchun hamkorlik” NATO Agile Spirit “Yahudiy kuch”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing