Isroil Suriyadagi druzlarni “himoya qilmoqchi”

Olam

image

Isroil armiyasi Suriyaning janubida joylashgan druzlar yashaydigan aholi punktlarini “himoya qilishga” tayyorligini bildirdi. Bu haqda Isroil armiyasining Telegram-kanalida e’lon qilindi.

“Tunda 5 nafar suriyalik druz tibbiy yordam olish uchun Isroilga evakuatsiya qilindi. Jarohat olgan fuqarolar Suriya hududida yaralanganidan so‘ng Safed shahridagi Ziv tibbiyot markaziga yetkazildi. Isroil armiyasi Suriya janubida joylashtirilgan bo‘lib, druz qishloqlari hududiga dushman kuchlarining kirib kelishini oldini olishga tayyor holatda. Armiya voqealarning rivojini kuzatishda davom etmoqda va mudofaa hamda turli ssenariylarga tayyor turibdi”, deyiladi bayonotda.

30 aprel kuni qurolli guruhlar Damashq chekkasidagi druzlar yashovchi Sahnaya shahriga bostirib kirgan. Kun bo‘yi ular qo‘shimcha kuchlarni, shu jumladan zirhli transport vositalarini olib keldi va druzlarning qo‘shimcha kuchlarining yaqinlashish ehtimolini yo‘q qildi.

Isroil aviatsiyasi “mahalliy aholini himoya qilish” bahonasi bilan bir necha bor havo hujumlarini amalga oshirdi. Suriya Tashqi ishlar vazirligi esa davlatning ichki ishlariga aralashuvni qoraladi.

1 may kuni Suriyadagi druzlar ma’naviy yetakchisi Hikmat al-Xijr xalqaro kuchlarni druzlar jamoasini jangarilarning hujumlaridan himoya qilish uchun zudlik bilan kiritishga chaqirdi. Bu murojaatga sabab etnik-diniy guruh vakillari ko‘p yashaydigan Saxna shahrida yuz bergan to‘qnashuvlar bo‘ldi.

2 may kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Isroil Kats Damashqdagi prezident saroyi yaqinidagi nishonga berilgan zarba bo‘yicha qo‘shma bayonot bilan chiqdi. Hujum “Suriya rejimiga yo‘llangan aniq signal” sifatida baholandi.

Xuddi shu kuni Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara Damashqdagi prezident saroyi hududiga uyushtirilgan aviazarbalarni xavfli keskinlashuv deb atadi.

Ma’lumot uchun, druzlar o‘ziga xos arab tilida so‘zlashuvchi etno-konfessiyaviy guruh bo‘lib, ularning vakillari Suriya, Livan, Isroil va Iordaniyada yashaydi. Suriyada 700 ming druz istiqomat qiladi, bu ularni kurdlar va alaviylardan keyin mamlakatdagi uchinchi yirik diniy va etnik ozchilik qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil aviatsiyasi Suriyaning Latakiya viloyatidagi harbiy nishonlarga zarba bergani xabar qilingandi. Bir necha soat ichida Isroil Arab Respublikasining bir qancha provinsiyalaridagi nishonlarga 18 marta havo hujumini amalga oshirgan. Zarbalar Suriyaning markaziy Hama viloyatidagi Damashq chekkasi va janubdagi Dara viloyatidagi nishonlarga berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Suriya Isroil druzlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing