Isroil jamoasi muxlislariga “Villa Park”ga borish taqiqlandi
Sport
−
18 Oktabr 2649 2 daqiqa
Angliyaning “Aston Villa” klubi xavfsizlik nuqtai nazaridan Isroilning “Makkabi Tel-Aviv” jamoasi muxlislariga noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan UEFA Yevropa Ligasi uchrashuviga tashrif buyurishni taqiqladi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Xavfsizlik bo‘yicha maslahat guruhi (SAG) ko‘rsatmasiga ko‘ra, “Aston Villa” klubi joriy yilning 6 noyabr kuni “Villa Park” stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yinga mehmon jamoa tarafdorlari kiritilmasligini ma’lum qildi.
SAG “Villa Park”da o‘tkaziladigan har bir uchrashuv uchun xavfsizlik sertifikatlarini berishga mas’ul organ. Bayonotda qayd etilishicha, SAG rasmiy ravishda klub va UEFA'ga xat yuborib, “mehmon muxlislarga o‘yinni stadionda tomosha qilishga ruxsat etilmasin” degan tavsiya bergan.
G‘arbiy Midlend politsiyasi “stadion atrofida jamoat xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar mavjudligi va tunda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noroziliklarni bartaraf etish imkoniyati cheklanganini” bildirgan. “Aston Villa” vakillari esa Isroil klubi hamda mahalliy hokimiyat bilan “muxlislar xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash” yuzasidan doimiy aloqada ekanini ta’kidladi.
Mahalliy politsiya ushbu o‘yinni “yuqori xavfli” tadbir sifatida baholaganini ma’lum qilgan.
“Bu qaror joriy kuzatuv ma’lumotlari va oldingi voqealar, jumladan, Amsterdamda o‘tgan “Ayaks” – “Makkabi Tel-Aviv” o‘yini chog‘ida sodir bo‘lgan to‘qnashuvlar hamda nafratga asoslangan jinoyatlarga tayanadi”, deyiladi politsiya bayonotida.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning 8 noyabr kuni Amsterdamda “Ayaks” va “Makkabi Tel-Aviv” uchrashuvi atrofida tartibsizliklar yuz bergan. Isroil jamoasi tarafdorlari hujumga uchragan edi.
Live
Barchasi