Qalbaki dorilarga qarshi kurash keskin kuchaytiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda giyohvand va psixotrop moddalarga qarshi qanday kurashilayotgan bo‘lsa, dorilarning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha ham xuddi shunday murosasiz kurashish boshlanadi. Bu haqda bugun, 5 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida o‘tgan farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mas’ullarga topshiriq berdi.

Qayd etilishicha, farmatsevtika sohasiga yangi texnologiyalarni olib kelish, “ Big Pharma” kompaniyalarni jalb qilishga ancha harakat qilinmoqda. Bunday kompaniyalar ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yishdan oldin “Ichki bozorda dorilar sifati va xavfsizligi bo‘yicha kuchli nazorat tizimi bormi?” degan savol qo‘yadi.

Lekin birgina o‘tgan yilning o‘zida mamlakatda 57 mingdan ziyod nomdagi ro‘yxatdan o‘tmagan, kontrafakt dorilar aniqlangan. Achinarlisi, qalbaki nusxasi ko‘paygani uchun nufuzli xorijiy kompaniyalar 21 turdagi original dorilarni O‘zbekistonga olib kirishni to‘xtatgan.

Mas’ul idoralarga giyohvand va psixotrop moddalarga qarshi qanday kurashilayotgan bo‘lsa, dorilarning noqonuniy aylanmasi bo‘yicha ham xuddi shunday murosasiz kurashish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman, sifatsiz va qalbaki dorilarning oldi-sotdisi bo‘yicha javobgarlikni keskin kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish muhim ekani ta’kidlangan.

Bugungi kunda farmatsevtika yo‘nalishidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ziyod olimlar faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, farmatsevtika oliygohlarini yiliga 1 mingga yaqin yoshlar tamomlamoqda. Lekin sohada ilm-fan bilan sanoat bir-biridan “uzilib” qolgani qayd etilgan.

Shu munosabat bilan Kimyo-farmatsevtika, Vaksina va zardoblar hamda Sharq tabobati institutlari negizida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilinadi.

Ushbu institut “Toshkent farma park”da joylashadi va olimlarga bu yerdagi korxonalar bilan ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish uchun sharoit yaratiladi.
Buning uchun park hududida klinikoldi tadqiqotlarini o‘tkazish laboratoriyasi (vivariy), sinov-tadqiqotlar uchun bio va kimyo laboratoriyalari tashkil qilinadi. Shuningdek, 250 o‘rinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi ham barpo etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy yil 1 apreldan boshlab farmatsevtika korxonalari yer, tadbirkorlar foyda va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinishi haqida xabar berilgan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston psixotrop giyohvand Qalbaki dorilar moddalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing