“Qarz berib tur”. Telegram’da xavfli firibgarlik turi avj oldi

Jamiyat

image

So‘nggi vaqtlarda Telegram messenjeri orqali sodir etilayotgan firibgarlik holatlari keskin ortgani kuzatilmoqda. Bu haqda Kiberxavfsizlik hodisalariga chora ko‘rish xizmati (UZCERT) ogohlantirish bilan chiqdi.  

Qayd etilishicha, firibgarlar Telegram-guruhlarida mavjud bo‘lgan ochiq ko‘rinishdagi @username ma’lumotlaridan foydalanib, guruhga qo‘shilmasdan turib foydalanuvchilarni kuzatib chiqmoqda. So‘ngra ular guruh a’zolari orasidan biror foydalanuvchini tanlab, uning Telegram profilini to‘liq nusxalamoqda. Ya’ni:

  • profil rasmi;
  • ism-familiya;
  • @username;
  • bio va boshqa elementlar firibgar tomonidan aynan bir xil shaklda qayta yaratiladi.

Shundan so‘ng, firibgarlar o‘sha foydalanuvchining guruhdagi boshqa ishtirokchilariga shaxsiy xabar orqali murojaat qilib, “shoshilinch pul kerakligi”, “qarz berib turishni iltimos qilishi” kabi yolg‘on vajlar bilan noma’lum shaxs nomiga tegishli bank karta raqamini yuborib, zudlik bilan pul o‘tkazishni so‘rayapti. Oqibatda tanishining Telegram profilidan kelgandek ko‘ringan xabarni tekshirmasdan pul o‘tkazib yuborayotgan fuqarolar moliyaviy zarar ko‘rmoqda.

Telegram foydalanuvchilari uchun xavfsizlik tavsiyalari:

  1. Telegram hisobni himoya qilish uchun ikki bosqichli parol (2FA)ni yoqish va kuchli maxfiy paroldan foydalanish kerak.
  2. Profildagi telefon raqami, rasm, “last seen” kabi ma’lumotlarni begona foydalanuvchilardan yashirib, faqat ishonchli kontaktlarga ko‘rinadigan qilib qo‘yish zarur.
  3. Noma’lum akkauntlardan kelayotgan pul so‘rash, sovrin yutdingiz yoki shoshilinch yordam kabi shubhali xabarlarga ishonmaslik va bunday linklarni ochmaslik kerak.
  4. Tanish shaxsdan kelgandek ko‘ringan xabar bo‘lsa ham pul o‘tkazishdan oldin unga telefon orqali bevosita qo‘ng‘iroq qilib, xabar haqiqatan ham undan kelganini tasdiqlash zarur.
  5. Telegram’dan yuklab olingan har qanday fayl, ayniqsa, apk yoki exe formatdagi fayllarni ochishdan oldin manbasini tekshirish va noma’lum fayllarni ochmaslik kerak.
  6. Profildan foydalanilayotgan barcha aktiv sessiyalarni muntazam tekshirib borish va noma’lum qurilmalarda ochiq turgan sessiyalarni darhol o‘chirib tashlash zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlar orqali 600 nafar fuqarolarni aldab, qariyb 1 milliard so‘m pullarini o‘zlashtirgan shaxslar qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Telegram

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing