“Qayrat” ketma-ket ikkinchi marta Qozog‘iston chempioni bo‘ldi
Sport
−
27 Oktabr 1268 2 daqiqa
Olmaotaning “Qayrat” futbol klubi 2025 yilgi Qozog‘iston Premer-ligasi (QPL) mavsumida ketma-ket ikkinchi, umumiy hisobda esa beshinchi bor mamlakat chempioni bo‘ldi.
Chempionlik taqdiri chempionatning so‘nggi 26-tur doirasidagi “Qayrat” – “Astana” uchrashuvida hal bo‘ldi. Olmaotadagi “Markaziy” stadionda kechgan bahs 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi va bu natija mezbonlarga chempionlikni himoya qilish uchun yetarli bo‘ldi.
Uchrashuvning 15-daqiqasida mehmonlar hisobni ochdi. “Astana” sardori Nazmi Gripshinining uzatmasidan so‘ng xorvatiyalik vinger Marin Tomasov hisobni ochishga erishdi. Biroq tanaffusdan keyin “Qayrat” javob qaytardi. 56-daqiqada 17 yoshli hujumchi Dastan Satpayev jarima maydonchasi ichidan aniq zarba yo‘llab hisobni tenglashtirdi.
Ushbu durang natijadan keyin “Qayrat” Qozog‘iston Premer-ligasida 59 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida birinchi o‘rinni saqlab qoldi. “Astana” 57 ochko bilan ikkinchi, Qo‘stanayning “Tobol” klubi esa 54 ochko bilan uchinchi o‘rinni egalladi.
Shu tariqa, “Qayrat” ketma-ket ikkinchi marta Qozog‘iston chempioni bo‘ldi va 2026-2027 yilgi UEFA Chempionlar ligasi saralash bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. “Astana” esa o‘z ishtirokini Konferensiyalar ligasi saralash bosqichidan boshlaydi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Premer-ligasi tarixida “Astana” yetti marta chempion bo‘lib, eng sovrindor klub hisoblanadi. “Qayrat” esa beshta chempionlik bilan “Akto‘be” va Pavlodarning “Irtish” klublari bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shvetsiyadagi Melbyu shaharchasining aholisi 1400 nafardan kam bo‘lgan baliqchilar qishlog‘i jamoasi ilk bor Shvetsiya chempionligini qo‘lga kiritgan edi.
Live
Barchasi