Qirg‘izistonda AES qurilishi bo‘yicha referendum o‘tkaziladi
Olam
−
03 aprel 2706 2 daqiqa
Qirg‘izistonda atom elektr stansiyasini (AES) qurish masalasida referendum bo‘lib o‘tadi. Bu haqda mamlakat Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Doniyor Omonkeldiyev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston hukumati AES qurilishi masalasida davlat korporatsiyasi “Rosatom” bilan muzokaralarni davom ettirmoqda. Omonkeldiyevning aytishicha, hozirgi bosqichda loyiha ishga tushirilayotgani haqida emas, balki tayyorgarlik – zarur infratuzilmani rivojlantirish va mutaxassislarni tayyorlash ishlari bilan shug‘ullanilmoqda.
“Biz ‘Rosatom’ bilan infratuzilma yaratish va kadrlarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilmoqdamiz. Faqat shundan so‘ng qurilish masalasini ko‘rib chiqish mumkin bo‘ladi”, degan u.
Vazir o‘rinbosari, shuningdek, yakuniy qaror fuqarolar ishtirokida qabul qilinishini va masala referendumga chiqarilishi rejalashtirilganini ma’lum qilgan.
“Zamon bilan hamnafas bo‘lish yoki bo‘lmaslikni xalq bilan maslahatlashib hal qilamiz”, degan Omonkeldiyev.
Qirg‘iziston uchun atom energetikasini rivojlantirish energetika tanqisligini hal etishning muhim yechimlaridan biri bo‘lishi mumkin. Omonkeldiyevning aytishicha, iqtisodiyot o‘sishi qo‘shimcha quvvat talab qiladi va hozirda atom energetikasi barqaror energiya manbai sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
“Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov ham OAVga bergan intervyusida Qirg‘izistonda ham kichik, ham o‘rta quvvatli atom elektr stansiyalarini qurishga tayyorligini tasdiqlagan. Bu masalada hozirda Qirg‘iziston energetika vazirligi bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar muzokaralarni shoshilmay olib bormoqda, chunki yirik atom loyihasida ishtirok etish barcha xavf va foydalarni puxta tahlil qilishni talab qiladi.
“Albatta, biz Qirg‘izistonda ham kichik, ham o‘rta quvvatli atom elektr stansiyalarini qurishga tayyor ekanligimizni bir necha bor aytganmiz va hozirda bu masalada Energetika vazirligi bilan muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu muzokaralar shoshilmasdan davom etmoqda, chunki yirik atom loyihasiga kirishdan oldin barcha jihatlar puxta baholanishi kerak”, degan “Rosatom” bosh direktori.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida va Jizzax viloyatining Forish tumanidagi bo‘lajak AES qurilish maydonchasida bo‘lib o‘tgan tadbirlar doirasida strategik hamkorlikka oid muhim hujjatlar imzolandi hamda dastlabki beton ishlariga rasman start berilgandi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan O‘zbekistondagi ilk AES qurilishini muhokama qilgan.
Shuningdek, O‘zbekistondagi AES qurilish maydonchasida faqatgina bitta kichik blokning barpo etilishi Rossiya korxonalarini 2 trillion rublgacha (taxminan 24,7 mlrd dollar) bo‘lgan buyurtmalar va taxminan mingta ish o‘rni bilan ta’minlashi xabar qilingan.
Live
Barchasi