“Japarov yoki Tashiyev?” Qirg‘izistonliklar kimni tanladi?

Olam

image

Joriy yilning 20 fevral kuni Qirg‘izistonning “Nomad” telekanali tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 81 foizi Prezident Sadir Japarovning faoliyatini ijobiy baholadi. 14 foiz ishtirokchi esa uning ishiga salbiy munosabat bildirgan.

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Japarovning prezidentlik faoliyati davomida uni qo‘llab-quvvatlash darajasi 67 foizga oshgan. Bu esa amaldagi davlat rahbarining jamoatchilik orasidagi ishonchi sezilarli darajada mustahkamlanganini ko‘rsatadi.

So‘rov natijalarida boshqa siyosiy yetakchilarning reytingi ham keltirilgan. Xususan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi Qamchibek Tashiyev 25 foiz ijobiy baho olgan. Respondentlarning 55 foizi esa uning faoliyatini salbiy baholagan. Xabarlarga ko‘ra, Tashiyevning mashhurlik reytingi 30 foizga pasaygan.

Sotsiologik tadqiqot mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan bo‘lib, unda 1200 nafar voyaga yetgan fuqaro ishtirok etgan. So‘rovnoma onlayn shaklda tashkil etilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sadir Japarov “Kabar” nashriga bergan intervyusida mamlakat shimol va janubga bo‘linishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni qat’iyan rad etgandi. Uning aytishicha, avval bunday bo‘linishlardan ayrim siyosatchilar hokimiyat uchun kurashda foydalangan, oddiy fuqarolar esa vosita bo‘lib xizmat qilgan.

Tashiyev iste’fosi

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini “jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik” istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan uning birinchi o‘rinbosari Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi.

Japarov va Tashiyev tandemi

Ma’lumot uchun, Qamchibek Tashiyev 2020 yil 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi etib tayinlangan edi. Farmonni 2020 yil 5–6 oktyabr voqealaridan so‘ng prezident vazifasini bajaruvchi sifatida Sadir Japarov imzolagan.

Qamchibek Tashiyev va amaldagi Prezident Sadir Japarov o‘rtasidagi ko‘p yillik munosabatlar mamlakatdagi eng barqaror va ta’sirli siyosiy ittifoqlardan biri sifatida baholanib kelgan. Ularning hamkorligi hokimiyat tepasiga kelishidan ancha oldin boshlangan: 2010 yillar boshida ular bir necha bor siyosiy jarayonlarda bir tomonda bo‘lgan, 2012 yildagi umumiy jinoiy epizodni ham birga boshdan kechirgan, bu esa ularning shaxsiy yaqinligini yanada mustahkamlagan.

2020 yil oktyabr voqealaridan so‘ng tandem yakuniy shaklga keldi: Sadir Japarov Prezident lavozimini egalladi, Qamchibek Tashiyev esa MXQ rahbari etib tayinlanib, kuch blokining asosiy tayanchiga aylandi. Aynan u eng shov-shuvli ishlarni nazorat qilgan, kuch siyosatini shakllantirgan va amalda Prezident jamoasining eng yaqin ishonchli shaxslaridan biri bo‘lib kelgan.

Ekspertlar orasida ularning ittifoqi ko‘pincha mamlakatdagi eng mustahkam siyosiy duet deb atalardi, Qamchibek Tashiyev atrofidagi har qanday kadr o‘zgarishlari esa hokimiyat konfiguratsiyasidagi jiddiy o‘zgarishlar belgisi sifatida qabul qilinar edi.

So‘nggi paytlarda siyosiy doiralarda maxsus xizmat rahbarining bo‘lajak Prezident saylovlarida ishtirok etishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Qamchibek Tashiyev esa bir necha bor prezidentlik poygasida qatnashmoqchi emasligini va Sadir Japarovni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston Sadir Japarov Qamchibek Tashiev sotsiologik so'rov Respondentlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing