Qirg‘izistonda Tashiyevning ikki shotiri ham hibslandi
Olam
−
15 aprel 5383 2 daqiqa
Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining ikki sobiq o‘rinbosari Timur Shabdanbekov va Daniel Risaliyev qo‘lga olindi. Bu haqda OAV huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalarga tayanib xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Timur Shabdanbekov mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda. U Harbiy prokuratura xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Daniel Risaliyev esa jinoyat ishi tergovi doirasida so‘roq qilish uchun IIV Tergov boshqarmasiga olib kelingan. Keyinroq sud unga nisbatan uy qamog‘i ehtiyot chorasini qo‘lladi.
Daniel Risaliyev 2025 yil dekabridan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan va kiberxavfsizlik masalalarini nazorat qilgan. Bungacha u maxsus xizmatlar tizimida ishlagan, jumladan, hududlardagi bo‘linmalarga rahbarlik qilgan. 2026 yil fevral oyi boshida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasidagi kadrlar o‘zgarishi tufayli lavozimidan ozod etilgan.
Shabdanbekov esa 1999 yildan buyon milliy xavfsizlik organlarida xizmat qiladi. Turli lavozimlarda, jumladan, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Korrupsiyaga qarshi kurashish xizmatida ishlagan.
2019 yil mart oyida u Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – davlatning birinchi shaxslari xavfsizligi uchun mas’ul bo‘lgan To‘qqizinchi xizmat (Davlat qo‘riqlash xizmati) boshlig‘i etib tayinlangan. 2022 yil 13 iyulda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimini egallagan va joriy yilning 10 fevral kuni lavozimidan ozod etilgan.
Undan tashqari, ish bo‘yicha boshqa ayblanuvchilar ham bor. Xususan, “Red Petroleum” kompaniyasi rahbari Aqilbek Mamatov, Davlat mulkini boshqarish jamg‘armasi rahbarining sobiq o‘rinbosari Bekzat Abdiqaxarov, shuningdek, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining bir qancha sobiq va amaldagi xodimlari qo‘lga olingan.
Manbalarga ko‘ra, ular orasida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Norin viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari va bir necha bo‘lim boshliqlari, jumladan, kiberfiribgarlikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i ham bor.
Jinoyat ishi tafsilotlari, shuningdek, ayblanuvchilarning har birining roli hozircha oshkor etilmagan. Xabar e’lon qilingan paytda ayblov tafsilotlari bo‘yicha rasmiy izoh berilmagan.
Live
Barchasi