Tashiyevga bog‘liq kadrlar almashinuvi: jarayon ortida nimalar turibdi?
Olam
−
27 fevral 6457 3 daqiqa
Qirg‘izistonda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev iste’fosidan keyin uning atrofidagi amaldorlar va unga yaqin deb hisoblangan siyosatchilarning bosqichma-bosqich lavozimdan olinishi kuzatilmoqda. So‘nggi vaqtlarda Qishloq xo‘jaligi, suv resurslari va qayta ishlash sanoati vaziri Baqit To‘raboyev va Sog‘liqni saqlash vaziri Qanibek Do‘smambetovning iste’foga chiqishi bu jarayon navbatdagi bosqichga o‘tganini ko‘rsatadi.
Dastlab jamoatchilik bu holatni shunchaki “Tashiyev jamoasini tozalash” sifatida qabul qildi. Biroq siyosiy kuzatuvchilar bu jarayon ancha murakkab va tizimli o‘zgarishlarning bir qismi ekanini ta’kidlamoqda.
Tashiyevning siyosiy og‘irligi
Oxirgi yillarda Qamchibek Tashiyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari sifatida nafaqat kuch tuzilmalari, balki siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatib kelgan. Uning rahbarligi davrida xavfsizlik idorasi vakolatlari kengaydi, korrupsiyaga qarshi kompaniyalar kuchaydi va ko‘plab yuqori lavozimli shaxslar javobgarlikka tortildi. Natijada Tashiyev atrofida keng ta’sir doirasi shakllandi. Bu doiraga amaldorlar, parlament a’zolari, mahalliy rahbarlar va ayrim yirik tadbirkorlar kirgan. Tizim ichida shaxsiy sadoqatga asoslangan aloqalar tarmog‘i paydo bo‘ldi. Bu jarayon ongli ravishda qurilgan siyosiy loyiha bo‘lganmi yoki tabiiy ravishda shakllanganmi – bu alohida masala. Ammo amalda Qirg‘izistonda ikki markazli boshqaruv modeli yuzaga kelgani sezildi. Bu Prezident instituti va Xavfsizlik bloki atrofida shakllangan ta’sir markazi.
O‘zgarishlar nega endi boshlandi?
Har qanday prezidentlik tizimida ikkinchi kuch markazining mustaqil ravishda kuchayishi ma’lum bir bosqichgacha samarali bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, inqiroz yoki faol islohotlar davrida kuchli xavfsizlik tizimni tezkor boshqarishga yordam beradi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu hokimiyatga siyosiy xavf tug‘diradi. Tahlilchilarga ko‘ra, aynan shu bosqichda tizim o‘zini qayta muvozanatlashtirishi lozim bo‘ladi.
Qirg‘izistonda kuzatilayotgan hozirgi kadrlar almashinuvi prezidentlik vertikalini mustahkamlash va boshqaruvni markazlashtirishga qaratilgan qadam sifatida baholanmoqda. Ya’ni, shaxsiy yaqinlik yoki aloqalar emas, balki bevosita Prezidentga bo‘ysunish tamoyili ustuvor bo‘lib bormoqda.
Kadrlar almashinuvi bosqichlari
Jarayon bir necha bosqichlarda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda yuqori lavozimli shaxslar iste’foga chiqdi. Bu esa tizimda jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini ko‘rsatdi. Ikkinchi bosqichda ta’sir infratuzilmasi, ya’ni Tashiyevga yaqin vazirlar, deputatlar va boshqa amaldorlar lavozimini tark eta boshladi. To‘raboyev va Dosmambetovning iste’fosi aynan shu bosqichga to‘g‘ri keladi. Uchinchi bosqichda esa quyi darajadagi kadrlar almashinuvi kuzatilishi aytilmoqda.
Tashiyev jamoasini nima kutmoqda?
Bu borada mutaxassislar uchta ehtimoliy ssenariyni ilgari surmoqda. Ba’zi amaldorlar yangi siyosiy talablarga moslashib, tizimda qolishi mumkin. Bunda shaxsiy sadoqat emas, balki institutsional sadoqat muhim bo‘ladi. Shuningdek, xavfsizlik markaziga juda yaqin bo‘lgan shaxslar siyosatdan chetlashtirilishi mumkin. Ular biznes yoki boshqa faoliyat yo‘nalishiga o‘tadi. Ayrim siyosatchilar esa vaziyatni real baholab, o‘zlari maydonni tark etadi. Bu keskin to‘qnashuvning oldini oladi.
Mojaromi yoki tizimli o‘zgarish?
Qirg‘izistondagi hozirgi jarayon ochiq siyosiy qarama-qarshilik yoki elita ichidagi urush emas. Bu o‘zgarishlarda ommaviy ayblovlar, keskin chiqishlar yoki kuch ishlatish elementlari kuzatilgani yo‘q. Mazkur holat hokimiyat ichidagi ta’sir doirani qayta taqsimlash va markazlashtirish jarayoni sifatida talqin qilinmoqda. Ya’ni, “tandem” yoki ikki markazli model yakunlanib, prezidentlik vertikaliga qaytish boshlandi.