Qiziriq tumani va Zarafshon shahri hududi kengaytiriladi

Jamiyat

image

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani va Navoiy viloyatining Zarafshon shahri hududi kengaytiriladi. Bu haqda bugun, 21 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan tegishli qarorlar loyihalarida so‘z boradi.

Majlisda deputatlar dastlab “Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi palata qarori loyihasini ko‘rib chiqqan. Taklif etilayotgan chegara o‘zgartirishlariga muvofiq, Jarqo‘rg‘on tumanidan 4 740 gektar yer maydonini Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.

Bildirilishicha, bu tumanlarni iqtisodiy jihatdan boshqarish, 731 ta oilada istiqomat qiluvchi 4 230 nafar aholining turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga zamin yaratadi. Qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, chorvachilikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, Qiziriq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.

Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, xalq deputatlari Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etilgan.

Shuningdek, majlisda “Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi palata qarori loyihasi ko‘rib chiqilgan. Bildirilishicha, chegaralarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan Navoiy viloyati Tomdi tumanidan 2 459 gektar yer maydoni Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Zarafshon shahrining istiqbolli rejasi ishlab chiqilib, uy-joylar, sanoat, ijtimoiy soha va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari quriladi. Jumladan, uzoq muddatli biznes-rejaga asosan hududda 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, 90 ta ijtimoiy soha ob’ekti, 500 dan ortiq savdo-maishiy va xizmat ko‘rsatish nuqtalari barpo etish rejalashtirilgan.

Majlisda chegaralarga o‘zgarishlar kiritish masalasi tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari, shuningdek, xalq deputatlari Zarafshon shahri va Tomdi tumani Kengashlari hamda viloyat Kengashida muhokama qilinib, chegaralarning kartografik chizmasi va chegaralar chizig‘ining tasnifi ma’qullangani qayd etilgan.

Mazkur masala yuzasidan qaror loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullangan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning sentyabr oyida Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri, Kattaqo‘rg‘on va Nurobod tumanlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala muhokama qilingandi va Kattaqo‘rg‘on shahri hududini 2,9 ming gektarga kengaytirish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Navoiy Surxondaryo Qiziriq tumani Zarafshon shahri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing