Qobul Do‘sov 5 yil 2 oyga qamaldi
3-sahifa
−
16 iyun 49407 3 daqiqa
Bugun, 16 iyun kuni sobiq deputat Qobul Do‘sovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, u 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining hukmiga muvofiq Do‘sov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi mutasaddi va mas’ullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Qobul Do‘sovga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025 yil 24 fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Shuningdek, Do‘sov tomonidan Facebook ijtimoiy tarmog‘ida yaratilgan “Kabul Dusov” nomli profil hamda Telegram mesenjerida yaratilgan “Kobul Dusov/RASMIY KANAL/” nomli kanal faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmiga muvofiq Qobul Do‘sov Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan edi. Joriy yil 24 yanvar kuni Qobul Do‘sovni Samarqand viloyatida hibsga olindi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining joriy yilning 24 yanvardagi ajrimiga muvofiq jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2024 yil 22 noyabrdagi hukmi bilan mahkum Qobul Do‘sovga nisbatan tayinlangan va o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikni cheklash jazosi shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilib, jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi. 24 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudida Qobul Do‘sovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Sud hukmiga ko‘ra, Qobul Do‘sov 4 nafar jabrlanuvchiga (Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimi mas’ullari N. Yalgasheva, O. Kamolova, Sh. Hasanova va S. Suyarova) Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi va 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 59-moddasi 8-qismi va 61-moddasi (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) tartibida uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Do‘sov tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tashi belgilangan.