Qoidabuzar haydovchini to‘xtatishga uringan YPX xodimi vafot etdi
3-sahifa
−
22 noyabr 13960 2 daqiqa
Kecha, 21 noyabr kuni Namangan viloyatida yo‘l-patrul xizmati inspektori qoidabuzar haydovchi mashinada urib yuborishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, soat 23:00 larda YPX xodimlari tomonidan Namangan viloyati, Davlatobod tumani hududida harakatlanib ketayotgan Onix rusumli avtomashinaga to‘xtash ishorasi berilganida, tegishli hujjatga ega bo‘lmagan haydovchi xodimlarga bo‘ysunmasdan qochishga uringan.
Shu vaqtda ratsiya orqali oldinroqda xizmat olib borayotgan katta serjant Vaxobjon Mo‘minovga mazkur avtomashinani to‘xtatish chorasini ko‘rish yuzasidan xabar berilgan. Vaxobjon Mo‘minov haydovchiga to‘xtash ishorasini bergan vaqtida, haydovchi yuqori tezlik bilan xodimni urib yuborib, uning hayoti uchun og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida transport vositasining harakati cheklanib, haydovchi qo‘lga olingan.
Biroq katta serjant Vaxobjon Mo‘minov viloyat Tibbiyot birlashmasiga olib borilayotganida vafot etgan.
“Ichki ishlar vazirligi rahbariyati va ko‘p sonli shaxsiy tarkibi Namangan viloyati IIB JXX YHXB Yo‘l-patrul xizmati katta inspektori katta serjant Mo‘minov Vaxobjon Abduvaliyevichning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Katta serjant Vaxobjon Mo‘minov 2007 yildan ichki ishlar organlarida fidokorona xizmat qilgan. Uning ortida suyukli ayoli, 2 nafar qizi va 1 nafar o‘g‘il farzandlari qoldi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida profilaktika inspektori chaqiruv vaqtida pichoqlanishi oqibatida vafot etgandi. Uni pichoqlagan 65 yoshli fuqaro esa qochib ketib, joriy yilning 4 iyul kuni qabristondagi makkapoya ichida qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi