Qozog‘iston aeroportida hazil tufayli odamlar evakuatsiya qilindi (video)

Olam

image

Qozog‘istonning Atirau xalqaro aeroportida yo‘lovchi hazillashib, qo‘l yukida “bomba borligi”ni aytgach, barcha reyslar kechiktirildi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.

Transport politsiyasi matbuot xizmatiga ko‘ra, voqea 8 noyabr kuni Atirau–Olmaota reysiga ro‘yxatdan o‘tish vaqtida yuz bergan. Erkak qo‘l yukida portlovchi moslama borligi haqida yolg‘on ma’lumot bergan. Shundan so‘ng Aeroport xodimlari darhol yo‘lovchilarni evakuatsiya qilgan, hudud o‘rab olingan va parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan. Yuklarni tekshirish hamda xavfsizlikni ta’minlash uchun favqulodda xizmatlar chaqirilgan.

“Ushbu holat yuzasidan transport politsiyasi departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (terrorchilik harakati haqida bila turib yolg‘on xabar berish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q, aeroport o‘z faoliyatini odatiy tartibda davom ettirmoqda.

Qozog‘iston Jinoiy-protsessual kodeksining 201-moddasiga muvofiq, tergov oldi tekshiruvining boshqa ma’lumotlari oshkor qilinmaydi”, deyiladi idora xabarida.

Ma’lumot uchun, Qozog‘iston aeroportlarida yolg‘on xabar berish holatlari ilgari ham kuzatilgan. Avgust oyida go‘dakli ayol samolyot bortida bomba borligini aytib, Atirau aeroportida vahima keltirib chiqargan edi.

Uning so‘zlaridan so‘ng 200 ga yaqin yo‘lovchi va ekipaj a’zolari zudlik bilan samolyotdan tushirilgan. Layner besh soatdan ortiq vaqt davomida tekshirilgan, ammo hech qanday portlovchi qurilma topilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniyaning Gannover shahridagi aeroportning faoliyati unga yaqin hududda dron aniqlangani sababli to‘xtatilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston aeroport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing