Qozog‘iston go‘shti O‘zbekistonga 3 dollardan sotilayotgani aytildi

Olam

image

Qozog‘istonda 2025 yil uchun bojxona statistikasi e’lon qilindi. Unda 1 kg go‘sht O‘zbekistonga o‘rtacha 3 dollar atrofida sotilgani keltirilgan. Bu haqda “Cmn.kz” xabar berdi.

Qayd etilishicha, statistikada 2025 yilda O‘zbekiston Qozog‘istondan 66,1 ming tonna mol go‘shti va submahsulotlarini 189,9 million AQSH dollariga sotib olgani aks etgan. Bu o‘rtacha hisobda bir kilogramm uchun 2,87 dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, ayni davrda Qozog‘iston ichki bozorida mol go‘shtining chakana narxi 30 foizdan ko‘proqqa oshib, bir kilogrammi 4–4,5 ming tengega yetgan.

Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Janel Kushukova mazkur ma’lumotlarga izoh berib, bunday raqamlarni shubhali deb atagan. U narxlar o‘rtasidagi tafovutga to‘xtalar ekan, bu raqamlar texnik xatolik oqibati bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

“Go‘shtni davlat davlatga sotmaydi, balki aniq ishlab chiqaruvchi shartnoma asosida sotadi. Agar ichki bozorda narx bir necha baravar yuqori bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi uchun mahsulotni 3 dollardan chetga sotish iqtisodiy jihatdan foydasiz”, deydi u.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, vaziyatni alohida tekshirish zarur.

“Bu ma’lumotlarni sinchiklab o‘rganish, jumladan, bojxona organlaridan aniqlashtirish kerak – texnik xatolik bo‘lishi ehtimoldan xoli emas”, deydi Kushukova.

Shu bilan birga, Savdo vazirligi Qozog‘istonda mol go‘shti narxlari oshishda davom etayotgani va bu aholida xavotir uyg‘otayotganini tan olgan. Kushukovaning aytishicha, narxlar ko‘tarilishining asosiy sabablari chorva sonini tiklash jarayonining vaqt talab qilishi hamda O‘zbekiston tomondan talabning keskin oshganidir.

Uning tushuntirishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda go‘sht iste’moli sezilarli darajada oshgan, biroq tabiiy va geografik cheklovlar sabab mamlakat o‘z ishlab chiqarishini xuddi shunday hajmlarda kengaytira olmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston go'sht mol go'shti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing