Qozog‘iston O‘zbekistonga benzin eksport qilishni rad etdi
Jamiyat
−
23 Sentabr 9960 2 daqiqa
Qozog‘iston Energetika vazirligi yoqilg‘i eksportiga taqiq kuzatilayotgani hamda benzin O‘zbekistonga ham, boshqa davlatlarga ham yetkazib berilmayotganini aytdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik 2025 yilning bahorida O‘zbekistonga ortiqcha AI-92 benzini yuborilgan bir voqeani eslagan. O‘shanda saqlash joyi bo‘lmagan “ortiqcha” benzin O‘zbekistonga sotilgan. Vazirlikning iddao qilishicha, benzin eksportiga qo‘yilgan taqiq mamlakatdagi yoqilg‘i zahiralarini sezilarli darajada oshirgan. Yoz boshiga kelib, AI-92 zahiralari qariyb 70 foizga, dizel zahirasi esa 78 foizga oshdi. Hozirgi vaqtda yoqilg‘i bozori barqaror, taqchillik yo‘q.
“Bu standart xalqaro amaliyot bo‘lib, saqlash joylarini optimallashtirish imkonini beradi va byudjetga qo‘shimcha soliq tushumlarini keltirib chiqargan edi”, deyiladi xabarda.
Qozog‘iston 19 may kuni benzin, dizel yoqilg‘isi va boshqa neft mahsulotlarini eksport qilishni taqiqlagan edi. Ushbu cheklovlar olti oy davomida amal qiladi. Vazirlikning yozishicha, neftni qayta ishlash zavodini ta’mirlashdan oldin strategik zaxiralarni to‘plash maqsadida iyun oyidan boshlab eksport butunlay to‘xtatilgan.
22 sentyabr kuni OAVda Qozog‘iston qo‘shni davlatlarga noqonuniy benzin eksporti tufayli yana yoqilg‘i quyish shoxobchalariga benzin yetkazib berishda muammolarga duch kelishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Shuningdek, O‘zbekiston Qozog‘iston benzinini Rossiyadan import kamaygan bir paytda faol xarid qila boshlagani aytilgandi.
“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi sentyabr oyidan boshlab AI-80 benzin ishlab chiqarishni to‘xtatgandi. 2026 yildan boshlab u faqat yuqori oktanli: AI-92 va AI-95 benzinini sotishga o‘tadi.
Qozog‘istonda 2025 yilning 1 yanvaridan benzin va dizel yoqilg‘isini Yevrosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga (YeOII) a’zo davlatlardan tashqariga olib chiqishga taqiq joriy etildi. Neft mahsulotlarini YeOII tashqarisiga olib chiqishni taqiqlash Qozog‘iston neftni qayta ishlash zavodlarining nofaol quvvatlarini yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlash orqali yuklash va shunga mos ravishda mamlakatda yoqilg‘i-moylash materiallari taqchilligini kamaytirish, shuningdek, bojsiz yetkazib berish va import qilinadigan neft mahsulotlarining reeksportiga barham berish shartlarini bajarish imkonini beradi.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi