Toshkent viloyatida oziq-ovqat orasiga 100 mingga yaqin dori yashirganlar ushlandi
3-sahifa
−
22 may 2578 1 daqiqa
Qozog‘istondan Toshkent viloyatiga kirib kelgan yuk mashinasidagi oziq-ovqat orasidan katta miqdordagi dori vositalari ham topildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijdan O‘zbekistonga noqonuniy olib kelinayotgan katta miqdordagi dori vositalari to‘xtatib qolingan.
Xususan, Qozog‘iston Respublikasidan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “S.Najimov” chegara bojxona postiga kirib kelgan Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi yuk avtotransport vositasi bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, oziq-ovqat mahsulotlari orasiga 52 turdagi, jami 95369 dona tibbiyot buyumlari va dori vositalari yashirilgani ma’lum bo‘lgan.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, noqonuniy yuklarni qabul qilib olgan vaqtida Toshkent tumanida yashovchi shaxs ham ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tegishli baholash hisobotiga ko‘ra, ushbu tibbiy vositalarning umumiy qiymati 1 mlrd 323 mln so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida giyohvandlik vositalarini sotish hamda iste’mol qilish uchun bangixona tashkil etganlar qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi