Qozog‘iston viloyatlarining deyarli yarmida aholi kamaydi

Olam

image

Joriy yil 1 aprel holatiga ko‘ra, Qozog‘iston aholisi 20 million 333,5 ming kishiga yetdi – yil boshidan buyon o‘sish 0,25 foizni tashkil etdi. Bu haqda milliy statistika byurosiga tayanib, “vlast.kz” xabar berdi.

Aholining eng tez o‘sishi har doimgidek uch yirik shahar – Ostona (1,47%), Shimkent (0,66%) va Olmaotada (0,6%) qayd etilgan. Shuningdek, Olmaota viloyati va Mang‘istov viloyatlarida ham aholi o‘sishi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan.

Umuman olganda, Qozog‘istonning 20 hududidan 11 tasida aholi ko‘paygan. Shu bilan birga, Qizilo‘rda, G‘arbiy Qozog‘iston, Aqmola va Turkiston viloyatlarida bu o‘sish juda past bo‘lgan. Bunga, odatdagidek, migratsiya ta’sir ko‘rsatgan. Tug‘ilish darajasi yuqori bo‘lsa-da, ko‘chib ketganlar soni bu ko‘rsatkichni deyarli qoplayapti.

Migratsiya saldosi faqat 5 ta hududda ijobiy bo‘lib qolmoqda – uchta megapolisda, shuningdek, Olmaota va Mang‘istov viloyatlarida. Qolgan barcha viloyatlarda ko‘chib ketganlar soni kelganlardan ko‘p.

To‘qqizta hududda aholi soni kamaygani kuzatilgan. Eng katta kamayish Abay viloyati (–0,23%), Jetisu viloyati (–0,25%) va Shimoliy Qozog‘iston viloyatida (–0,43%) qayd etilgan. Sharqiy va Shimoliy Qozog‘iston viloyatlarida esa tabiiy kamayish, ya’ni vafot etganlar sonining tug‘ilganlardan ortiq bo‘lishi yuz bergan.

Yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, shaharlarda aholi 0,47 foizga ko‘paygan bo‘lsa, qishloq joylarda 0,13 foizga kamaygan. Ayni vaqtda Qozog‘iston aholisining 63,1 foizi shaharlarda, 36,9 foizi esa qishloqlarda yashaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Milliy statistika byurosi  mamlakatda yashovchi eng ko‘p sonli millatlar birinchi uchligini qozoqlar, ruslar va o‘zbeklar tashkil etishini xabar qilgandi. Unga ko‘ra, qozoqlar 14 mln 456 ming 709 kishi, ruslar 2 mln 963 ming 938 kishi, o‘zbeklar  678 ming 487 kishi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston aholi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing