Qozog‘istonda fonagrammadan foydalanish taqiqlanadi

Olam

image

Qozog‘istonda konsert tashkilotchilari va ijrochilarga fonogrammadan foydalanish taqiqalanadi. Ular qonunni buzgan taqdirda 1000 oylik hisob ko‘rsatkichi (2025 yilda 3,9 million tenge – taxminan 90 mln so‘m) miqdorigacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu haqda bugun, 6 noyabr kuni Senatning navbatdagi sessiyaisida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “Madaniyat, ta’lim, oila va davlat nazorati sohalariga oid ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” qonun loyihasida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda deputatlar 200 va undan ortiq tomoshabinli konsertlarda fonogrammadan foydalanish taqiqini aniqlashtirgan. Senatning tegishli qo‘mitasi xulosasiga ko‘ra, fonogrammalardan faqat televizion kontent yaratishda va konsert o‘tkazishga mos bo‘lmagan joylarda foydalanish mumkin bo‘ladi.

Senator Talgat Junusovning aytishicha, qonunga muvofiq tomoshabinlarga musiqa asarlarini ijro etishda fonogrammalardan foydalanilishi haqida oldindan ma’lumot berish majburiyati joriy etiladi, shuningdek, yirik madaniy va ko‘ngilochar tadbirlarda ham bu tartib amal qiladi.

“Bu normalar o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelmaydimi? Agar taqiq joriy etilsa, unda nazorat mexanizmi qanday bo‘ladi va tashkilotchilar hamda ijrochilar qanday javobgarlikka tortiladi?” deya savol qo‘ygan senator Madaniyat va axborot vaziri o‘rinbosari Oybek Siddiqovga.

Vazir o‘rinbosari bu masala bo‘yicha hukumat pozitsiyasi allaqachon ishlab chiqilganini, tuzatmalar esa Senat ishchi guruhlarida batafsil qayta ko‘rib chiqilib, kelishilganini tushuntirgan.

“Majlis deputatlari Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksni yangi norma bilan to‘ldirishni taklif qildilar. Unga ko‘ra, belgilangan taqiqni buzgan holda fonogrammadan foydalanganlik uchun 1000 oylik hisob ko‘rsatkichigacha jarima nazarda tutiladi. Ushbu normaning ijrosini nazorat qilish vakolati hokimliklarga yuklanadi”, deydi Siddiqov.

Senat spikeri Mavlon Ashimbayev “fonogrammadan foydalanishni barcha tadbirlarda to‘liq taqiqlash kerakmi yoki faqat yirik chiqishlar bilan cheklanish lozimmi?” deya savol bergan. Vazir o‘rinbosari esa to‘liq voz kechish mumkin emasligini aytgan.

“Gap 200 nafardan ortiq ishtirokchisi bo‘lgan madaniy-ommaviy tadbirlar haqida ketmoqda. Madaniyat muassasalarida faqat konsertlar emas, balki teatr spektakllari, sirk tomoshalari ham o‘tkaziladi, ularda fonogrammalar ishlatiladi. Shu sababli biz tushunchalarni “konsert”, “madaniy” va “ommaviy tadbirlar” deb ajratdik. Taqiq faqat 200 kishidan ortiq tomoshabin ishtirok etadigan konsert tadbirlariga nisbatan amal qiladi”, deydi u.

Parlament a’zolari qonunning ayrim – fonogrammaga aloqador bo‘lmagan bandlarini ma’qullamagan va hujjatni qayta ishlab chiqish uchun Majlisga qaytargan.

Eslatib o‘tamiz,  O‘zbekistonda joriy yilning 8 aprel kuni qabul qilingan  “Konsert-tomosha faoliyatida jonli ijroni yanada rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori bilan  davlat konsertlarida fonogrammadan foydalanish cheklangan edi.

Mohichehra Qadamova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qozog'iston kontsert fonagramma

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing