Qozondan “gorshok”gacha: urushdan keyin fashist dubulg‘alari nima qilingan?
Bu qiziq
−
10 may 12643 4 daqiqa
Ikkinchi jahon urushi davrida Germaniya va uning ittifoqchilari “shtalxelm”, “pikelxelm” va shunga o‘xshash millionlab dubulg‘alarini ishlab chiqargan edi. Ammo muvaffaqiyatsiz yakundan so‘ng egasini yo‘qotgan yoki “qiladigan ishi qolmagan” bu dubulg‘alardan metallomdan tortib “gorshok”gacha bo‘lgan turli maqsadlarda foydalanildi.
Qisqacha tarix
1920-1930 yillarda Germaniya hukumati ko‘rinish va funksionalligini yaxshilash maqsadida Birinchi jahon urushi po‘lat dubulg‘alarini qayta dizaynlashni boshladi. 1935 yilda harbiylar yangi jangovar dubulg‘a – M1935 nomi bilan tanilgan “shtalxelm”ni tasdiqladi. Ikkinchi jahon urushi davridagi nemis dubulg‘alarining geometrik o‘lchamlari Birinchi jahon urushi modellariga nisbatan kichik va ixchamroq edi. Tarixchilarning fikriga ko‘ra, aynan ushbu dubulg‘alardan foydalanish boshlanganidan so‘ng, parchalanish yoki ezilish bilan bog‘liq jarohatlar 70 foizgacha kamaygan.

Har bir mahsulot ma’lum davrdagina ehtiyoj markaziga aylanadi, ayniqsa ommaviy jarayonlarda. Pandemiya davrida tibbiy niqob kabi bir martalik mahsulotlarga ehtiyoj oshgani bunga misol. Ammo vaziyat barqarorlashgach, ishlab chiqarilgan yoki avval foydalanilgan mahsulotlar arzon yoki keraksiz buyumga aylanib qoladi. Dubulg‘alar ham qaysidir ma’noda shunday taqdirga mubtalo edi. Ammo mustahkam metalldan tayyorlangani ularni shunchaki uloqtirilishdan saqladi va odamlar dubulg‘alardan turli jabhalarda foydalanishga harakat qildi.
Metallom
Dubulg‘alarning katta qismi Sovet Ittifoqiga harbiy o‘lja sifatida olib ketilgan. 1943 yildayoq trofey metallom (urush yoki jangovar harakatlarda qo‘lga kiritilib, metall sifatida qayta ishlash uchun foydalaniladigan texnika, qurol-yarog‘) brigadalari tashkil etila boshlangan. Ularning vazifalaridan biri ozod qilingan hududlarda metall parchalarini yig‘ish edi. Trofey qo‘mitasiga Sovet Ittifoqi marshali Kliment Voroshilov rahbarlik qilgan.

Ozod qilingan hududlarda tinch aholi ham trofey brigadalari ishlariga jalb qilinib, yig‘ib, topshirilgan metall uchun ularga pul to‘langan: bir dona nemis dubulg‘asi uchun 3-5 rubl.
Umuman olganda, trofey brigadalari 447 ming 741 tonna metall yig‘ib, 1,38 milliard rubl miqdorida mablag‘ olgan. Yig‘ilgan dubulg‘alar taqdiri oddiy edi: qayta eritish. Juda kam qismi esa madaniyat va ma’rifat ehtiyojlariga yo‘naltirilib, muzey kolleksiyalari qatoridan joy oldi yoki kinostudiya rekvizitlari sifatida foydalanildi.
SSSRda xalq orasida qo‘llanishi

Nemis ashyolarining anchagina qismi tinch aholi qo‘lida qolgan va odamlar o‘z ijodkorligini namoyon etib, ularni turli ehtiyojlar uchun ishlatgan. Dubulg‘alar shakli tufayli turli xil idishlarga aylantirilgan: qozondan tortib tovuqlar uchun ovqat soladigan idish va “gorshok”gacha. Ammo nemis dubulg‘alaridan ko‘proq chuqur kovlagichlar sifatida ko‘proq foydalanilgan: bu yerda hech qanday ixtiroga hojat yo‘q – trubani mixlab mahkamlaysiz va kovlashga tayyor! Bu nafaqat foydali, balki xalqning fashistlarga bo‘lgan munosabatini ham ko‘rsatgan.
Harbiy qo‘llanilish
Mag‘lubiyatga uchragan Germaniya hududida qolgan dubulg‘alar esa boshqa taqdirni boshdan kechirdi. Qiziq tomoni shundaki, “shtalxelm” dubulg‘alarini nafaqat Germaniya, balki Finlyandiya, Bolgariya, Ruminiya, Yugoslaviya va Xitoy armiyalari ham ishlatgan. Hattoki, Chili armiyasida ular hanuzgacha tantanali korpus formasi tarkibida qolmoqda.

Germaniyada “shtalxelm” dubulg‘alarining taqdiri ham turlicha bo‘ldi. Ularning bir qismi tinch maqsadlarda xizmat qilishda davom etdi va yong‘in xavfsizligi xizmatini ta’minlash uchun ishlatildi. Hatto hozirda ham ayrim nemis o‘t o‘chiruvchilari shunga o‘xshash shakldagi dubulg‘alardan foydalanadi.
Konversiya (tinch maqsadlarga moslashtirish)

SSSR aholisi kabi, nemislar ham dubulg‘alarni uy-ro‘zg‘or ehtiyojlariga moslashtirishga harakat qildi. Ammo bu safar sanoat miqyosida: oshxona anjomlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Yer ostidan qazib olingan dubulg‘alar

Yer ostida yotgan va hozirgacha katta miqdorda topib olinayotgan dubulg‘alar toifasini eslamaslik mumkin emas. Ularning bir necha qo‘llanilish usullari mavjud, eng maqbul yo‘l – muzey kolleksiyalarini to‘ldirishdir.
Biroq, barcha qazuvchilar topilmalarni muzeyga topshirmaydi, ularning ko‘p qismi sotuvga chiqadi. Bugungi kunda nemis dubulg‘asining narxi chirib bitgan namunalar uchun 300 rubldan boshlanib, ideal holatdagi buyumlar uchun 40-50 ming rublgacha yetadi. O‘rtacha narx esa 15-30 ming rubl atrofida. Bunday dubulg‘alarni asosan tarixiy rekonstruksiya tadbirlarida qatnashadiganlar, harbiy tarix ixlosmandlari va kolleksionerlar sotib oladi.
Live
Barchasi