Qur’a O‘zbekiston uchun omadli bo‘lishiga umid qilaman – Kannavaro
Sport
−
05 dekabr 799 2 daqiqa
Bugun, 5 dekabr kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionati guruh bosqichi qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tadi. Marosim oldida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro qur’a haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Qur’adan oldin hammamiz birdek hayajondamiz. Hozircha qaysi jamoalarga to‘qnash kelishni bilmaymiz. Umid qilamanki, qur’a natijalari biz va butun o‘zbekistonlik muxlislar uchun omadli bo‘ladi”, deydi Fabio Kannavaro AQSH poytaxti Vashingtonda joylashgan “The Kennedy Center” majmuasida o‘tkaziladigan marosim oldidan.
O‘FA rahbariyati, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro, murabbiylar shtabi hamda FIFA tomonidan maxsus taklif etilgan o‘zbek futboli afsonasi Mirjalol Qosimov ayni damda AQSHda bo‘lib turibdi.
Fabio Kannavaro boshchiligida o‘zining debyut mundialida ishtirok etadigan O‘zbekiston milliy terma jamoasi mundial qur’asida 3-savatchadan o‘rin egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Yunayted” va Angliya terma jamoasining sobiq futbolchisi Rio Ferdinand futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimini o‘tkazishi va unga NFL Super Bowl 7 karra chempioni Tom Bredi, NHL shon-shuhrat zali a’zosi va to‘rt karra Stenli kubogi sohibi Ueyn Gretski, 4 karra NBA chempioni, Olimpiya va Jahon chempioni hamda NBA Shon-shuhrat zali a’zosi Shakil O’Nil hamrohlik qilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi