Quyosh panellari QQSdan ozod qilindi. Tojikistonda!
Olam
−
20:04 985 2 daqiqa
Tojikistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga oid uskunalar importi soliqlardan ozod qilindi. Bu mamlakat parlamenti hukumatning “Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlanganidan so‘ng amalga oshirildi. Bu haqda “Sputnik Tadjikistan” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun mo‘ljallangan uskunalarni import qilish va keyinchalik yetkazib berish 2031 yil 1 yanvarga qadar qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etildi.
Ushbu imtiyoz quyosh panellari, shu jumladan tok konvertorlari (invertorlar), energiya saqlash uskunalari, ehtiyot qismlar va aksessuarlarga tatbiq etiladi. Shu bilan birga, qonunga ko‘ra, qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan jihozlangan ob’ektlar – nominal quvvati 0,1 megavatt (MVt) yoki undan ortiq bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan ko‘chmas mulklar mol-mulk solig‘idan ozod qilinadi.
Qayd etilishicha, ushbu soliq imtiyozi ob’ekt foydalanishga topshirilgan kundan boshlab besh yil muddatga beriladi.
Avvalroq, hukumat yig‘ilishida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon aholi uylariga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shu tariqa, Tojikiston 2030 yilga qadar 4 ming MVtdan ortiq yangi energiya quvvatlarini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu ko‘rsatkichlarga gidroelektrostansiyalar hamda quyosh elektr stansiyalarini qurish orqali erishish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekistonda 300 ta mahallada 107 megavattli quyosh stansiyalari o‘rnatilishi rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi