KDRda 171 ta jasad ko‘milgan 2 ta ommaviy qabr topildi
Olam
−
27 fevral 5022 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasining (KDR) sharqidagi Janubiy Kivu provinsiyasi Uvira shahrida jami 171 ta jasad ko‘milgan ikkita ommaviy qabr topildi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Xabarlarga ko‘ra, Uvira shahrining Burundi bilan chegara yaqinida joylashgan Kiromoni tumanida 30 ta jasad bo‘lgan qabr aniqlangan. Kavimvira tumanida esa yana bir qabr topilib, undan 141 ta jasad olib chiqilgan.
Ommaviy qabrlar mintaqada so‘nggi oylarda sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlardan keyin o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida aniqlangan. Taxminlarga ko‘ra, ushbu dafn etilganlar Uvira shahri “23 mart harakati” (M23) isyonchi guruhi nazorati ostida bo‘lgan davrga tegishli.
M23 a’zolari 2025 yil dekabr oyi boshida Uvirani nazoratga olgan, biroq 2025 yil dekabr oxirida xalqaro va diplomatik bosimning kuchayishi fonida shaharni tark etishga majbur bo‘ldi. Shahardagi to‘qnashuvlar oqibatida 500 mingdan ortiq kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi, kamida 1500 nafar tinch aholi halok bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, KDRda M23 isyonchi guruhi a’zolari 2025 yil boshidan beri davom etayotgan qurolli hujumlar oqibatida bir qator hududlarni, jumladan, Shimoliy Kivu provinsiyasi markazi – Goma shahrini nazorat ostiga oldi. Mamlakat sharqidagi jangovar harakatlar tufayli 2025 yilda 1 milliondan ortiq kishi ko‘chirilgan shaxslarga aylandi, kamida 7 ming kishi qurbon bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasining sharqidagi Koltan konida yuz bergan qulash oqibatida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan edi.