Kelasi yildan 10 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinadi

Jamiyat

image

2026 yildan O‘zbekistonda yana 10 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinishi belgilandi.  Bu haqda bugun, 20 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, auditorlik tashkilotlari, turizm sohasidagi hunarmandlar, turistik axborot markazlari, transport texnik ko‘rigini amalga oshiradigan tadbirkorlar xabardor qilish tartibiga o‘tkaziladi.

Hozirda litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish tartibi buzilganda, korxonaga ham, uning rahbariga ham jarima qo‘llanmoqda. Endi bunday holatlar uchun faqat korxona jarima to‘laydi, mansabdor shaxs javobgarligini esa boshqaruv organi mustaqil hal qiladi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda aholi va tadbirkorlardan 120 turdagi hujjatlarni talab qilish bekor qilingan, yana shuncha litsenziya raqamlashgan. Birgina o‘tgan yili 16 turdagi litsenziya va ruxsatnoma bekor qilingani natijasida tadbirkorlarning 350 milliard so‘mlik xarajatlari tejalgan.

Prezident yana bir muhim yangilikni e’lon qildi – 2026 yildan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik faoliyatini to‘laqonli yo‘lga qo‘yish mumkin bo‘ladi.

Bunda, tadbirkorni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonining o‘zida:

  • elektron raqamli imzo beriladi;
  • bankda hisobraqam ochiladi;
  • xohishiga ko‘ra ijara shartnomasi rasmiylashtiriladi;
  • kassa apparati soliq organida ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
  • shu yo‘nalishga mas’ul davlat organlariga xabarnoma jo‘natiladi.

Natijada bu jarayonlar uchun talab etiladigan muddat hozirgi 1 haftadan 15 daqiqaga qisqaradi.

Shuningdek, ko‘chat, mineral o‘g‘it, poyabzal, chorva ozuqasi kabi sanitariya, veterinariya, karantin nazoratida bo‘lgan 32 toifadagi mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikati bekor qilinadi. Majburiy sertifikatlanadigan tovarlar ro‘yxati 459 taga qisqartirildi. Ro‘yxat yana 288 taga kamaytiriladi.

Umuman olganda, mahsulotlar xavfsizligi va sifatini ta’minlash hamda uni baholash bilan bog‘liq milliy infratuzilma tubdan isloh qilinib, xalqaro standartlarga moslashtiriladi. Bunda, eng avvalo, sertifikatsiya o‘rniga muvofiqlikni deklaratsiyalash amaliyoti keng joriy etiladi.

“Texnik jihatdan tartibga solish tizimi butunlay transformatsiya qilinadi. Mamlakatimizga dunyodagi eng nufuzli xalqaro tan olingan laboratoriyalar kirib kelishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beramiz.

Endi, mahsulotlar sifati bo‘yicha “bozor nazorati” tizimiga o‘tamiz. Bundan keyin nazorat ob’ekti tadbirkor emas, balki bevosita mahsulotni o‘zi bo‘ladi”, dedi Prezident.

Qayd etilishicha, “Daladan-dasturxongacha” tamoyili asosida sanitariya, veterinariya va karantin organlarining oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bo‘yicha nazorat-laboratoriya funksiyalari yagona tizimga birlashtirilib, to‘liq raqamlashtiriladi.

Endilikda tadbirkorlar idorama-idora sarson bo‘lmasdan, barcha hujjatlarni “yagona darcha” prinsipi asosida bir joydan oladigan bo‘ladi. Bu ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirish va mahalliy korxonalarning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oshiradi.

Prezident tadbirkorlarda davlat xaridlari va birja savdolarida ishtirok etish bo‘yicha ham ko‘plab savollar to‘planib qolganini ta’kidlab, yaqin orada bu masalaga puxta tayyorgarlik ko‘rilib, barcha muammolarga yechimlar berilishini qayd etdi. Davlat organlari va tabiiy monopoliya sub’ektlari bilan shartnoma tuzishda tadbirkorlar huquqlarini teng himoya qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Bunda, barcha namunaviy shartnomalar loyihalari Biznes-ombudsman, Adliya vazirligi va Raqobat qo‘mitasi tomonidan majburiy ekspertizadan o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev litsenziya ruxsatnoma tadbirkorlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing