Kembrij lug‘ati yil so‘zini e’lon qildi

Olam

image

Britaniyaning Kembrij lug‘ati “parasotsial” so‘zini 2025 yilning so‘zi deb e’lon qildi. Bu haqda lug‘atning rasmiy saytida xabar berildi.

Bu atama odatda odamlarning shaxsan tanimaydigan kishilar bilan his qiladigan bir tomonlama hissiy bog‘liqligini ifodalash uchun qo‘llaniladi. 2025 yilda bu yanada ommalashgan. Xususan, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tobora ko‘proq yulduzlar, mashhurlar, ba’zan hatto kitob qahramonlari yoki sun’iy intellekt bilan go‘yoki yaqin munosabatlar shakllantira boshlagan. Bunda mashhur shaxs hatto bu insonning mavjudligini ham bilmasligi mumkin. Ammo ikkinchi tomonda kim uchundir qiziqqan ob’ekti bilan biror narsa sodir bo‘lsa, chinakam qayg‘u hissi yuzaga keladi. Bu holatda odam uchun qahramon kitobdagi personajmi yoki serial yulduzimi, farqi yo‘q.

Qayd etilishicha, atamaning o‘zi 1956 yilda sotsiologlar Donald Horton va Richard Vo tomonidan ishlatilgan bo‘lib, teleko‘rsatuv boshlovchilariga nisbatan tomoshabinlar munosabatini tasvirlash uchun qo‘llangan. Yaqin vaqtgacha “parasotsial” so‘zi faqat ilmiy doiralarda ishlatilgan, biroq endigina ommaviy tus olgan.

Leksikograflarning aytishicha, bu neologizmlar vaqtinchalik trend emas, ular tilga mustahkam kirib kelmoqda va ularga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada nashr qilinadigan “Collins” ingliz tili lug‘ati 2025 yilning yil so‘zi sifatida “vibe coding” atamasini e’lon qilgandi. Lug‘at izohiga ko‘ra, “vibe coding” – bu vazifani oddiy inson tilida tasvirlab berish orqali, sun’iy intellekt yordamida kompyuter kodini yozish jarayoni. Ya’ni, odam kodni o‘zi yozmaydi, balki sun’iy intellektga qanday natija kerakligini aytadi va sun’iy intellekt kodni tayyorlab beradi.


Maqola muallifi

Teglar

Kembrij yil so'zi parasotsial

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing