Oksford lug‘ati yil so‘zini e’lon qildi
Olam
−
01 dekabr 4329 2 daqiqa
Oksford nashriyoti 2025 yilning asosiy so‘zi sifatida “rage bait” (“g‘azab o‘ljasi”) terminini tanladi. Bu haqda Oksford universiteti nashriyotining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Bu atama internetda e’tibor tortish maqsadida ataylab janjal yoki g‘azab uyg‘otadigan kontentni anglatadi.
Oksford universitetining Til fakulteti rahbari Kasper Gratvolning aytishicha, “rage bait” so‘zining keng qo‘llanayotgani odamlarning internetdagi manipulyativ usullarni tobora ko‘proq anglayotganidan dalolat beradi.
Atama inglizcha “rage” (“g‘azab”) va “bait” (“o‘lja, qarmoq”) so‘zlaridan tarkib topgan. So‘nggi bir yil ichida uning qo‘llanishi uch baravar oshgan.
“Rage bait” iborasi birinchi bor 2002 yilda Usenet platformasida haydovchilarning yo‘ldagi tajovuzkor reaksiyasini tasvirlash uchun ishlatilgan. Keyinchalik u internetga ko‘chdi va vaqt o‘tishi bilan media mutaxassislari hamda kontent yaratuvchilar lug‘atiga kirib bordi.
Shuningdek, final ro‘yxatiga “aura farming” (o‘zini ma’lum tarzda ko‘rsatish orqali jozibador yoki sirli imij yaratish) hamda “biohack” (ovqatlanish, mashq, turmush tarzi yoki qo‘shimcha vositalar orqali jismoniy yoki aqliy samaradorlikni oshirishga urinish) terminlari ham kiritilgan.
O‘tgan yili esa Oksford lug‘ati yil so‘zi sifatida “brain rot” (“miyaning chirishi”, internetga haddan ziyod berilib ketishni anglatuvchi ibora) ifodasini tanlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniyada nashr qilinadigan “Collins” ingliz tili lug‘ati 2025 yilning yil so‘zi sifatida “vibe coding” atamasini e’lon qilgandi. Lug‘at izohiga ko‘ra, “vibe coding” – bu vazifani oddiy inson tilida tasvirlab berish orqali, sun’iy intellekt yordamida kompyuter kodini yozish jarayoni, ya’ni odam kodni o‘zi yozmaydi, balki sun’iy intellektga qanday natija kerakligini aytadi va sun’iy intellekt kodni tayyorlab beradi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr