Keniyada samolyot sayyohlar bilan halokatga uchradi (video)
Olam
−
28 Oktabr 10940 2 daqiqa
Bugun, 28 oktyabr kuni Keniyada parvozdan bir necha daqiqa o‘tib, bortida xorijlik sayyohlar bo‘lgan kichik samolyot halokatga uchradi. Hodisa oqibatida 11 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 5:30 da Mombasa Air Safari aviakompaniyasiga tegishli yengil dvigatelli samolyot Masai-Mara milliy qo‘riqxonasi tomon ketayotgan paytda, Keniya janubi-sharqidagi Diani uchish-qo‘nish yo‘lagidan 40 km narida, tepalik va o‘rmonli hududda qulab tushgan.
Aviakompaniyaga ko‘ra, uchuvchi Dianidan havoga ko‘tarilganidan keyin aloqaga chiqmagan. Aeroport dispetcherlik xizmati esa u bilan 30 daqiqa davomida bog‘lanishga uringan, shundan so‘ng samolyot halokatga uchragani aniqlangan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, halokat oqibatida 11 kishi – 8 nafar vengriya fuqarosi, 2 nafar germaniyalik va 1 nafar keniyalik uchuvchi halok bo‘lgan. Tergov organlari samolyot halokatining sabablarini o‘rganayotganini bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, fojia yuz bergan paytda Keniya sohilida kuchli yomg‘ir yog‘ayotgan bo‘lgan. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, samolyot yonib ketgan. Guvohlar esa baland portlash tovushini eshitganini va voqea joyidan insonga tegishli tanib bo‘lmas jasad qoldiqlari topilganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining F-18 qiruvchi samolyoti va MH-60R Sea Hawk vertolyoti Janubiy Xitoy dengizida halokatga uchragandi. Hodisadan so‘ng har ikki ekipaj a’zolari qutqarilgan.
Live
Barchasi