Rossiya Ozarbayjonga tovon to‘laydi
Olam
−
09:34 4009 2 daqiqa
Rossiya va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirliklari Aqtau yaqinida sodir bo‘lgan AZAL samolyoti halokati tufayli vujudga kelgan nizo hal etilganini ma’lum qildi. Tomonlar halokat sababi sifatida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushganini tan olgan holda, jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning oilalariga tovon puli to‘lashga kelishib oldi.
Bu kelishuvlar Vladimir Putin va Ilhom Aliyev o‘rtasida 2025 yil 9 oktyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan kelishuvlarga asoslangan. Biroq tovon pullari miqdori va shartlari ochiqlanmagan.
Halokat 2024 yilning 25 dekabrida Aqtau yaqinida sodir bo‘lgan. Boku–Grozniy yo‘nalishida uchgan Embraer 190 samolyoti qulagan, uning bortidagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan. Avvaliga Rossiya ushbu hodisaga o‘z mudofaa tizimi aloqadorligini inkor etgan. rasmiylar esa, sabab sifatida qushlar bilan to‘qnashuvni ko‘rsatgan. Keyinchalik samolyot qoldiqlaridan zenit raketa izlari topilgan.
2024 yilning 28 dekabrida Vladimir Putin Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, voqea “Rossiya havo hududida” sodir bo‘lgani uchun uzr so‘ragan. Keyinchalik Aliyev Moskva tomonini haqiqatni yashirishda ayblab, aybdorlarni jazolash va to‘liq tovon to‘lashni talab qilgan.
Dushanbedagi uchrashuvda Putin halokatga “Ukraina droni parvozi” va Rossiya tizimidagi texnik nosozlik sabab bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki raketa samolyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegmasdan, uning yaqinida portlagan.
Shunga qaramay, tergov to‘liq yakuniga yetkazilmagan: 2025 yil dekabr oyida Rossiya Tergov qo‘mitasi jinoiy ishni aybdorlarni javobgarlikka tortmasdan yopgan.
Yangi qo‘shma bayonotda esa, ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvlar “o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishni tasdiqlashi” ta’kidlangan.
Live
Barchasi