Xalqimizga katta bayram qilib berishga harakat qilamiz – Masharipov
Sport
−
05 iyun 7201 2 daqiqa
Bugun, 5 iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Abu Dabida Birlashgan Arab Amirliklari milliy terma jamoasiga qarshi o‘ynaydi. O‘zbekistonliklar uchun JCH yo‘llanmasini taqdim etishi mumkin bo‘lgan bahs oldidan ikkala terma jamoa murabbiylari va futbolchilari rasmiy matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.
Dastlab BAA terma jamoasi bosh murabbiyi Kosmin Oleroyu anjumanda ishtirok etdi.
“Raqibimiz Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri. Ertangi uchrashuvda munosib qarshilik ko‘rsatishga harakat qilamiz”, dedi BAA terma jamoasi bosh murabbiyi.
Shuningdek, O‘zbekiston MTJ bosh murabbiyi Temur Kapadze o‘yinoldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Raqibni o‘rganib chiqdik. O‘yinga har tomonlama yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. To‘g‘ri, ularda yangi murabbiy tayinlandi. Biroq u bugun paydo bo‘lib qolmagan. Ularni o‘rganishga harakat qildik. Asosiysi, o‘z o‘yinimiz haqida o‘ylashimiz va yaxshi o‘yin ko‘rsatishimiz lozim. Albatta, bu bosqichga yetib kelish uchun futbolchilar astoydil mehnat qildi. Bizni ikkita muhim o‘yin kutib turibdi, hammasi o‘z qo‘limizda. Ertaga g‘alaba qozonib, keyingi o‘yinga tayyorlanishimiz kerak. Srechko Katanetsning sog‘lig‘i joyida. Uning yordamchilari bugungi kunda mening shtabimda faoliyat yuritmoqda”, dedi Kapadze.
Ushbu matbuot anjumanida terma jamoa a’zosi Jaloliddin Masharipov ham ishtirok etib, o‘yin borasidagi fikrlarini aytib o‘tdi.
“Ertaga tarix yaratishimiz kerak va o‘zbek xalqining kuni bo‘lishi lozim. Barcha uchun qo‘ldan kelgancha katta bayram qilib berishga harakat qilamiz. Bu yergacha kelganimiz bekorga emas. Vaqti keldi va biz Jahon chempionatiga borishimiz kerak. Ertaga o‘zimizni oqlashga haqqimiz yo‘q. Shu paytgacha oqlab keldik. Maqsadimiz – butun O‘zbekistonni xursand qilish”, dedi Masharipov.
Ma’lumot uchun, BAA – O‘zbekiston o‘rtasidagi bahs bugun, 5 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da start oladi. Ushbu uchrashuvdagi durang natija ham O‘zbekiston MTJni tarixda ilk bor mundialga olib chiqadi.
Live
Barchasi